O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Loyihalardan birida Chirchiq daryosi sohili bo‘ylab turli infratuzilma obyektlarini qurish ko‘zda tutilgan. Avvalroq «Gazeta.uz» loyiha 2020 yil 29 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sergeli va Zangiota tumanlariga tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangani haqida yozgan edi. Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65−80 metrgacha toraytirish rejalashtirilmoqda. Hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonida «Daryo bo‘yi Biznes siti» loyihasi amalga oshiriladi. U yerda ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari yaratiladi.

Loyihaning 16 km masofadagi hududni — Ohangaron shossesidan «Yangi hayot» tumanigacha bo‘lgan hududni egallashi kutilmoqda.

Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, daryo qirg‘og‘ini toraytirish, ochilgan hududda zamonaviy turar joylar qurish, rekratsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hududlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Sohil bo‘yi obodonlashtiriladi.

Toshkent hokimi o‘rinbosari — investitsiyalarni boshqarish va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov Daryo bo’yi Business City loyihasi ikki yil davomida amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunda Bektemir tumanidagi birinchi bosqichni 2021 yilda yakuniga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, daryo o‘zanini toraytirish hisobiga 5 km masofadagi birinchi qismida 40 gektarga yaqin yer bo‘shatilgan. Yangi ochilgan hududda savdo markazlari, zamonaviy ishlab chiqarish binolari, mehmonxonalar va sayr zonalari paydo bo‘ladi.

Taqdimotga ko‘ra, ikkinchi bosqichda (5 km) villalar, uchinchisida (3 km) — qirg‘oq shaharchasi, to‘rtinchisida- yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish punktlari qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda.

Qurilish vaziri Botir Zokirov ushbu loyiha sharofati bilan shaharning «suv arteriyasi» tartibga solinishi va xavfsiz bo‘lishini ma’lum qildi.

Chirchiq daryosi havzasining toraytirilishi hisobiga bo‘shatiladigan jami 400 ga yer Daryo bo’yi Business City loyihasi doirasida investorlarga sotiladi, deya ma’lum qildi Business City direksiyasi investorlar bilan ishlash bo‘yicha menejer Iroda O‘rinova. Ushbu hududda dam olish joylari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlar, maktablar, fabrikalar va boshqa obyektlarni qurish ham rejalashtirilgan.

«Bugun suv sathi avvalgi ko‘rsatkichlardan past. Daryo sohili juda uzun, biroq, afsuski, hozirda inson aralashuvi sababli achinarli ahvolga kelib qolgan. Ko‘rinib turibdiki, tutash hududlar karerga aylanib qolgan edi, ko‘plab mashinalar bor. Bu ekologiya uchun katta zarar, chunki bu yerdan tabiat resurslari — tuproq va shag‘al tashkib ketilmoqda», — deya ta’kidladi Iroda O‘rinova.

Qirg‘oqlarni mustahkamlash va daryo havzasini toraytirish loyihasiga Moliya vazirligi Toshkent hokimiyatiga 300 mlrd so‘m miqdorida foizsiz ssuda ajratadi. Mablag‘ bo‘shatilgan yerlarni investorlarga sotish hisobiga qaytariladi.