O‘zbekistonda 2021 yilning 4 oyi davomida bolalar ishtirokidagi YTH soni 25,3, ularda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Xalq so‘zi Online»

Qayd etilishicha, maktablarga yetaklovchi yo‘llarda piyodalar svetoforlarini chaqiruv moslamasiga o‘tqazish zarur 185 zamonaviy piyodalar o‘tish joylari yetishmaydi.

Piyodalar yo‘lakchalari tashkil etilmaganligi va yoritilmaganligi natijasida erta tongda yoki tungi vaqtlarda voyaga yetmagan piyodalarning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash imkoniyati cheklanmoqda. 2731 joyda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyini sun’iy yoritish zarur.

Shuningdek, maktablarda o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Hali-hanuz bu yo‘nalishda alohida darslar tashkil etilmagan. Darslar faqat boshqa fanlar hisobidan, yetarli malakaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda jami 2242 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgani, ularda 557 kishining halok bo‘lgani va 1684 kishining jarohatlangani xabar qilingan edi. Ushbu YTHlarning 243 tasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 95 tani tashkil etgan.