13 may kuni fuqaro O.O.ni zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o‘tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi nazoratida o‘tkazilgani aytilmoqda.

Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko‘zdan kechirilgan va ishga aloqador bo‘lgan barcha ashyolar, jumladan arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, olingan ashyolar bo‘yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, «jabrlanuvchi O.O.ning badanida zo‘rlik alomatlari bilan bog‘liq tan jarohatlari mavjud эмаслиги, 13−14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan».

Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.

«Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so‘roq qilingan. Uni hech kim zo‘rlab nomusiga tegmagani, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi ma’lumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini, agarda ushbu ko‘rsatmani bermasa turmush o‘rtog‘i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan va guvoh tariqasida so‘roq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo‘lgan shiypon atrofida begona erkaklarni ko‘rmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam so‘rab baqirgan ovozini eshitilmaganini qayd etgan.

Tergov davomida jabrlanuvchi O.O. ma’lum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir bo‘lgan kuni hodisa joyida, ya’ni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo‘lgan dala shiyponida umuman bo‘lmaganliklari aniqlangan.

«Tergovda to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zo‘rlanganligi to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», — deyiladi IIV xabarida.

Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilmoqda.