Prezidentning 27 maydagi qarori bilan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2022 yil 1 yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi. Markaz faoliyatini tashkil etishga xorijiy ekspertlar va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari jalb qilinadi.

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolaridan birida joylashadi.

Bundan tashqari, qarorga ko‘ra, 2021−2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi bo‘limi negizida umumiy shtatlar va statsionar o‘rinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlari tashkil etiladi.

Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazi ham Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan binoga ko‘chadi. 300 o‘rinli tibbiyot muassasasi binosi 1 sentyabrga qadar foydalanishga topshiriladi. Unda kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya bo‘limlari, shuningdek, radio diagnostika va radio davolash bo‘limlari, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo‘linmasini, bolalarga ta’lim olish imkoniyatini yaratishni nazarda tutgan holda qurish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi ta’minlanadi.

Hujjat bilan suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etilishi rejalashtirilgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun bino-inshootlar kompleksi sohadagi ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasini inobatga olgan holda tashkil etilishi belgilangan.

Bu va boshqa maqsadlarga, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda qo‘shimcha 60 mlrd so‘m hamda 2022 yildan boshlab 125 mdrd so‘mдан kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish quyidagi milliy dasturlar asosida amalga oshiriladi:

  • 9−14 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksina bilan emlash;
  • 30−55 yoshdagi ayollar orasida bachadon bo‘yni va 45−65 yoshdagi ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni skriningi.

Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining «Ayollar maslahatxona"lari tarkibida muntazam ravishda ayollar orasida keng ko‘lamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan «Onko-nazorat» xonalari tashkil etiladi. Tekshiruvlar sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan maxsus axborot boshqaruvi tizimi orqali nazorat qilinadi. 2021 yil yakuniga qadar «Onko-nazorat» xonalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shifokorlarni tayyorlash ishlari yakunlanadi. 2022 yil 1 yanvarga qadar esa zarur tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi ta’minlanadi.

«Onko-nazorat» xonalari tashkil etilishiga viloyat hokimlari shaxsan javobgar hisoblanadi. O‘z hududlarida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash hamda muvaffaqiyatli davolash ko‘rsatkichlarining oshishi, kasallik oqibatida yuz beradigan o‘lim holatining kamayishiga erishilganligi ular faoliyatining samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

1 iyuldan boshlab gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.

Xuddi shu muddatdan boshlab bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi. Bundan tashqari, onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi uch oy muddatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari, gematologik va onkologik kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega xorijiy davlatlar tajribasi asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash dasturini tasdiqlashi kerak:

  • birlamchi bo‘g‘in shifokorlarining gematologik va onkologik kasalliklar to‘g‘risidagi hushyorligini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli seminar-treninglar o‘tkazish;
  • tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarining aniqlik darajasini oshirish, laboratoriya shifokorlarining analizlarni tahlil qilish malakasini oshirish;
  • aholining onkogematologik savodxonligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish.

Hujjat bilan gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritish tizimi joriy etilishi belgilandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ikki oy muddatda gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolashda foydalaniladigan dori vositalari ro‘yxatini, ularning samaradorligini hisobga olgan holda, qayta ko‘rib chiqilishi va har yili yangilab borilishi yuklatildi. Uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda onkologik bemorlarning davolab bo‘lmaydigan bosqichida ularga narkotik va psixotrop vositalarni buyurish tartibini soddalashtirish, shuningdek, og‘riq qoldiruvchi narkotik noin’eksion vositalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ro‘yxatini qayta tuzish bo‘yicha topshiriq berildi.

2022 yil 1 martga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi kattalar va bolalarda gematologik, onkologik va immunologik kasalliklarni tashxislash, davolash hamda bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatish standartlari va klinik protokollarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qayta ishlab chiqilishini qayta ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, may oyining o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev respublika gematologiya hamda onkologiya va radiologiya markazlariga tashrif buyurib, bemor va ularning qarindoshlari bilan suhbatlashgandi va O‘zbekistondagi onkologiya xizmati yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilagan edi.