Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, Ryanair aviakompaniyasi samolyoti bortida bomba o‘rnatilganligi haqidagi xabar Shveysariyadan kelgan. Bu haqda 26 may kuni Belarus prezidenti parlament a’zolari, konstitutsiyaviy komissiya a’zolari va hukumat organlari vakillari bilan uchrashuvda aytdi, deya xabar berdi TASS.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Afinadan Vilnyusga uchayotgan Ryanair kompaniyasining samolyoti bortida bomba o‘rnatilganligi haqidagi signaldan keyin Minsk aeroportiga majburiy qo‘ndirilgan. Samolyot qo‘ndirilgach, muxolifatchi Nexta Telegram kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng, Yevropaning bir qator yirik aviakompaniyalari Belarus osmonini chetlab o‘tgan holda parvozlarni amalga oshirishga qaror qildi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma’lum qilishicha, zudlik bilan Minsk aeroportiga qo‘ndirilgan samolyotda «terrorchi» bo‘lgan va bu haqda xorijda bilishgan.

Uning ta’kidlashicha, Ryanair samolyoti bortida bomba borligi to‘g‘risidagi xabar Afina, Vilnyus va Minsk aeroportlariga bir vaqtning o‘zida kelgan.

Shuningdek, Belarus prezidenti samolyot bilan bog‘liq amalga oshirilgan harakatlari mutlaqo to‘g‘ri deb hisoblashini va qaror qabul qilishda mamlakat xavfsizligi haqida o‘ylaganini ta’kidladi.

Aleksandr Lukashenko samolyot bilan bog‘liq voqeani tekshirish uchun barcha xalqaro ekspertlar taklif qilinganini va G‘arb bu voqeani tekshirishda qatnashishdan bosh tortganini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Belarus prezidentining hisoblashicha, hibsga olingan Roman Protasevich respublikada «qonli isyon» uyushtirmoqchi bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Roman Protasevich ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda, hukumat amaldorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikda, shuningdek, ijtimoiy adovat va ixtilofni qo‘zg‘ash bilan bog‘liq guruh harakatlarini tashkil etishda ayblanmoqda. U 15 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

AQSH prezidenti Jo Bayden ushbu hodisaga nisbatan chora ko‘rishni buyurdi hamda samolyotning majburiy qo‘ndirilishi va Protasevichning hibsga olinishini «xalqaro me’yorlarni haqorat qilish» deb atadi.

NATO Kengashi Belarus hukumatidan Protasevichni va u bilan birga hibsga olingan Sofya Sapegani ozod qilishni talab qildi.

Reuters’ning xabar berishicha, Shveysariya aviatsiya ma’murlari Minskka qo‘ndirilgan samolyotda bomba borligi haqidagi ma’lumotlardan xabardor bo‘lmaganliklari va Belarus tomonini bu haqda ogohlantirmaganliklarini ma’lum qilishgan.