Vazirlar Mahkamasiga kredit masalasi bo‘yicha yordam so‘rab kelgan mehribonlik uylarining sobiq tarbiyalanuvchilariga IIO xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani aytilmoqda. Bu haqda Effect.uz xabar berdi.

Samarqandagi 6-son mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchisi Nargiza Jo‘raqulovaning ta’kidlashicha, 2020 yil 26 mart kuni bir guruh mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga Samarqand viloyatidagi Qorasuv maskanidan uy-joy ajratib berilgan. Boshqa bir tarbiyalanuvchining aniqlik kiritishicha, ushbu uy-joylar ularga viloyat hokimi tashabbusi bilan, dastlabki to‘lovni hokimiyat balansidan amalga oshirgan holda kredit asosida olib berilgan.

«Biz kreditga olingan uyni oyma-oy 2,5 mln so‘m to‘lash kerak bo‘lishini bilmagandik. Bank ketma-ket qarz yozishini bilmasdik, 16 mlndan 18 mln so‘mgacha qarzi bor bolalarning. Pul o‘z vaqtida to‘lanmasa, uyni olib qo‘yadi», — deydi u.

Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilari 21 may kuni kechki payt Samarqand viloyatidan Toshkentga yetib keladi va Vazirlar Mahkamasi oldidagi piyodalar o‘tish yer osti tunnelida tunab qolishadi. Ertalab ular Vazirlar Mahkamasi qabuliga borishgan.

Foto: Effect.uz

Nargiza Jo‘raqulovaning aytishicha, ular Vazirlar Mahkamasi mas’uli Salimov Sherzod bilan suhbatalashayotganda hali tasdiqlanmagan hujjatni rasmga tushirishga ruxsat yo‘qligi uchun suhbatni videoga olmoqchi bo‘lgan. «Videoga olamiz deganda rozilik ham, e’tiroz ham bildirmadi», — deydi Jo‘raqulova.

Uning aytishicha, videoga olayotgan paytda arizalar bo‘limi boshlig‘i guruhni haqoratlagan: «Senlar yetimsanlar. Yetimlarga qancha bersang, shuncha to‘ymaydi, noshukursanlar».

«Men sizni hozir videoga olib internetga tarqataman. Noto‘g‘ri gap gapiryapsiz, yetimlarning ham o‘rni bor jamiyatda», deya javob qaytaradi Nargiza. Shu paytda ularning orqasida turgan formasiz ichki ishlar xodimi uning telefonini tortib olmoqchi bo‘ladi. Qo‘lini qayirib, yerga yiqitadi.

Nargiza Jo‘raqulovaning ta’kidlashicha, qo‘lini qattiq qayirishgani uchun uning qo‘li ko‘kargan. U o‘zini himoya qilish maqsadida qo‘lini qayirgan odamni tishlamoqchi bo‘lgani uchun IIO xodimi tanasidagi hamma jarohatlarni uning bo‘yniga qo‘yishini aytib, tahdid qilgan.

Voqea ishtirokchilari ushbu shaxsning ichki ishlar xodimi ekanligini bilishmaganini, u hech qanday hujjat taqdim etmaganligini aytishadi. «Keyin bilsak, ismi Aziz aka ekan», deydi ulardan biri.

«Hammamiz o‘zimizni himoya qilmoqchi bo‘lganda, ichki ishlar xodimlari ko‘payib ketib, hammaning qo‘lini qayirib, yerda urib, sudrashib, homilador ayolni ham itarib, moshinaga solib, olib ketishdi», — deydi Jo‘raqulova.

Guruh bilan birga Vazirlar Mahkamasiga kelgan Badriddinov Zufar (Samarqanddagi 10-sonli mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchisi) Nargiza bilan ichki ishlar xodimini ajratmoqchi bo‘lganida, orqasidan formada bo‘lgan ichki ishlar xodimi kelib, bug‘adi. «Ismi Timur edi, ryadovoy edi», — deydi u.

Vazirlar Mahkamasiga turmush o‘rtog‘i bilan borgan, homilador ayol, Toshqulova Muhayyo ichki ishlar xodimi uni itarib yuborganini, ToshMIda unga «bola tushish xavfi» diagnozi qo‘yilganligini aytmoqda.

«Zufar akani bug‘ganida, men yonida turuvdim. Bug‘gandan keyin „qo‘yvoring“ deb oldiga borganimda, boshqa qo‘li bilan itarib yubordi. Bug‘ganidan nafas ololmay, ko‘karib ketdi. U narsani ko‘rib men qaltirab qoldim, stressga tushib qoldim», — deydi u.

Muhayyoning turmush o‘rtog‘i barcha dalillari — ko‘karganlar bo‘yicha, rentgenlar, xotiniga ToshMIdan bergan spravkalar — borligini ta’kidlaydi.

«Qonun ustuvor bo‘lsa, biz talab qilamiz, Vazirlar Mahkamasi oddiy tashkilot emas, u yerda kameralar bor edi, ichki ishlar xodimida bodi kamera bor edi, barcha holatni yozib olgan bo‘lishi kerak», — deydi u.

Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilari Yunusobod tumani IIO FMB binosiga olib kelingan. Nargiza Jo‘raqulova 12 soat, qolganlar 10 soatcha ichki ishlar binosida ushlab turilgan. Jo‘raqulova telefonidagi videolar tazyiqlar bilan o‘chirtirilganini qayd etmoqda.

Voqea ishtirokchilarining aytishicha, ular ichki ishlar binosida saqlangan vaqt davomida ularga yordam ko‘rsatilmagan, tez tibbiy yordam chaqirilmagan.

Voqea yuzasidan, Toshkent shahar IIBB munosabat bildirib, holat Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olinganligini ta’kidladi.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.