Vazirlar Mahkamasining qaror bilan 1 sentyabrdan boshlab ID kartalari mavjud haydovchilardan ayrim hujjatlar talab qilinmaydi. Bu haqda IIV YHXBB ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, haydovchining ID kartasi bo‘lsa, quyidagi hujjatlarni undan talab etish tartibi bekor qilinadi:

  • avtomototransport vositasini boshqarish uchun notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma;
  • avtomototransport texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga, ya’ni qoraytirishga ruxsatnoma.

Ma’lum qilinishicha, IIV YHXBB tomonidan «e-Protokol» axborot tizimi takomillashtirilib, yo‘l patrul xodimlariga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan planshetlar yordamida «ID karta»ni o‘qish orqali fuqaroning ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

19 maydan boshlab ID karta yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etildi.

«„ID karta“ orqali tekshirilganda, ma’lumotlar aniqlanmagan yoki tizimda uzilishlar bo‘lgan holatlarda barcha haydovchilardan inspektorga ushbu hujjatlarni aslini taqdim etishilarini, shuningdek vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish boshlanib, 2030 yilgacha pasportlar ID-kartalarga almashtiriladi.

ID-kartalar 4 yanvardan berila boshlandi. Uni olishda hech qanday maxsus hujjatlar talab etilmaydi, faqat pasport, ariza va davlat boji to‘lovi — bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi (198 470 so‘m) to‘lash talab etiladi.