18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlatlar mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etdi. Unda Bosh assambleya Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.

Hujjatda bundan buyon ham Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyati rag‘batlantirilishi qayd etilgan.

Rezolyutsiyada Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlangan.

Bosh assambleya barcha manfaatdor tomonlarni qo‘shma fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.

Hujjatda O‘zbekiston prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining tashkil etilgani hamda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘psheriklik Trast fondini ta’sis etilgani BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi qayd etiladi.

Orolbo‘yi Bosh Assambleya tomonidan «Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo‘ldi, deyiladi TIV xabarida. Hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg‘armalar va dasturlarning amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o‘rtasidagi muvofiqlashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi maqomini berish tashabbusini birinchi marotaba 2018 yil avgust oyida Orolni qutqarish bo‘yicha Xalqaro jamg‘arma ta’sischi-davlatlari yig‘ilishida e’lon qilgan edi. Prezident ushbu qaror mintaqa davlatlarining umumiy harakatlari bilan ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, «yashil iqtisodiyot» tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga yordam berishini ta’kidlagan edi.

2019 yil oktyabr oyida Nukusda (Qoraqalpog‘iston) «Orolbo‘yi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda O‘zbekiston hukumati va BMT maxsus rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishishdi.