Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu hafta Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bundan tashqari, davlat rahbarining haftalik ish rejasidan Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Anna Berde bilan uchrashuv ham o‘rin olgan.

Sherzod Asadovning ta’kidlashicha, brifing o‘tkazilayotgan vaqtda Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil dekabridan boshlab O‘zbekiston YeIKda kuzatuvchi mamlakat maqomiga ega bo‘ldi.

Aprel oyida Qozon shahrida Yevroosiyo hukumatlararo kengashining majlisi paytida O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek ushbu memorandumni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi imzolangan edi.

Hujjat bojxona va texnik jihatdan tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, dori vositalari va tibbiyot buyumlari aylanmasi, transport, energetika, sanoat va agrosanoat majmuasi, intellektual mulk va boshqa iqtisodiyot tarmoqlari kabi sohalarda axborot almashinuvini o‘z ichiga olgan.