Kvotada belgilangan va ov qilish uchun ruxsatnoma berilgan ikkinchi Tyan-Shyan qo‘ng‘ir ayiq ov qilinmaydi, deya Ekologuz Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Bioxilmaxillik va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar masalalari bo‘yicha bosh boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqov ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda. Avvalroq, qo‘mita ruxsati asosida rossiyalik ovchi Yevgeniy Shirokov bitta hayvonni o‘ldirgan edi.

«Kvotadagi ikkinchi ayiq o‘rnatilgan tartibda, ya’ni qonun ustovorligidan kelib chiqqan holda ko‘rilib, bo‘lib o‘tgan jamoatchilik e’tirozi inobatga olinib, ikkinchi ayiqni otishga ruxsat berilmaydi», — ma’lum qildi qo‘mita vakili.

Abdurashid Sodiqov yana bir bor Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan yovvoyi hayvonlarni ovlashga kvota ajratish tartibini tushuntirib berdi. Mutaxassis ta’kidlashicha, Rossiya fuqarosi Yevgeniy Shirokovdan birdaniga ikkita ayiqni otish to‘g‘risida ariza kelib tushgan, shuning uchun u 2021 yil 31 dekabrgacha ruxsat olgan.

O‘tgan hafta Davlat ekologiya qo‘mitasi rus ovchisi tomonidan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ini o‘ldirilishiga izoh berib, hayvonni otish uchun ruxsatnoma berishda qonunga to‘la rioya qilinishini ma’lum qilgan edi.