6 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy hisobotlar tahlilini elon qildi. 2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar o‘ntaligida «O‘ztransgaz» peshqadam bo‘ldi. «Uzbekistan Airways» 755,7 mlrd so‘m zarar bilan 2-o‘rinda. Bu ro‘yxatning 8-pog‘onasida Toshkentning «Paxtakor» futbol klubi ham joy olgan. Jamoa 2020 yilda 82,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Bu — fakt.

Shu xabarlar OAVda e’lon qilingach ijtimoiy tarmoqlarda «Paxtakor»ning davlat byudjetidan shuncha mablag‘ni sovurgani, nafaqat bir klub, balki futbolning zararlari haqida turli xil fikr-mulohazalar yangradi. Fikrlardan eng ko‘pi so‘nggi yillarda klub o‘zini xususiy jamoa deyishi, davlat byudjetidan pul olmay kelganligi haqida bo‘ldi.

«Paxtakor» futbol klubi ham o‘sha kunning o‘zida bayonot berdi. Unda klubning 80 foiz ulushi 2017 yilda «SFI Management Group» MCHJga o‘tkazish va klubning ustav fondidagi 20 foiz ulushni Toshkent shahar hokimligida saqlab qolish ma’qullanganligi aytiladi. «Shu vaqtdan buyon „Paxtakor“ futbol klubi byudjeti to‘lig‘icha „SFI Management Group“ MCHJ tomonidan shakllantirib kelingan. „Paxtakor“ futbol klubi o‘tgan yillar mobaynida davlat byudjetidan umuman mablag‘ olmaganligini ma’lum qilamiz».

«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tarqatish uchun tayyorlagan ma’lumotlarining to‘g‘ri va xolis ekani bo‘yicha majburiyatga egaligini unutmasligi lozim», — deyilgan klub bayonotida.

Aslida, klub o‘z bayonotida qancha miqdorda zarar ko‘rgani (yoki foyda ko‘rgani) haqida biror narsa demagan, lekin agentlik ma’lumotlarining to‘g‘ri va xolis ekani bo‘yicha majburiyatga egaligini unutmaslikka chaqirgan.

«Gazeta.uz» Davlat aktivlarini boshqarish agentliga ba’zi savollar bilan murojaat qildi. Klubning o‘zini xususiy deb bilishi, shu holatda ham futbol jamoasi qanday qilib eng ko‘p zarar ko‘rgan 10 korxona tarkibiga kiritilganligi haqida agentlik quyidagicha javob berdi: «Paxtakor» futbol klubi MCHJning ta’sis hujjatlariga asosan klubning ishtirokchilaridan biri Toshkent shahar hokimligi (20 foiz) hisoblanadi. Qonunchilik talablariga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar paketi va ulushlar davlat ulushi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, klub davlat ishtirokidagi korxona hisoblanadi", — deyiladi berilgan javobda.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi e’lon qilingan ma’lumotlarda korxonalarning 2020 yil yakuni bo‘yicha olgan daromadlari (sof foydasi) hamda zararlari keltirilganligi, unda byudjet mablag‘lari olingan yoki olinmaganligi haqida aytilmaganligini qayd etdi.

«O‘z navbatida, ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda davlat ishtirokidagi futbol klublar faoliyatini daromadlarining asosiy manbasi ularning bosh homiylari tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisoblanadi», deb qo‘shimcha qildi agentlik.

30 aprel kuni «Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Vazirlar mahkamasining qarori chiqdi. Ushbu qaror ilovasida Toshkent shahar hokimligi endilikda «Paxtakor» futbol klubining bosh homiysi ekanligi ko‘rsatilgan.

Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z telegram-kanalida yozishicha, «SFI Management Group» kompaniyasi «Paxtakor» klubining 80 foiz aksiyasidan voz kechgan. Natijada, klub to‘liq ravishda poytaxt hokimligiga tegishli bo‘ladi.

Lekin, Nikimbayevning ta’kidlashicha, mazkur holat «Paxtakor»ni endilikda 100% Toshkent shahar hokimligi moliyalashtiradi degani emas. «Katta ehtimol bilan klubda homiylik guruhi bo‘ladi, ular klubga g‘amxo‘rlik qilish yukini o‘z zimmalariga olishadi», — deyiladi postda.

Shaxsan o‘zimning ma’lumotlarimga ko‘ra, «Paxtakor»ga tez orada yangi homiylar keladi. Biroq shu o‘rinda o‘ylantiradigan savollar ham mavjud: endilikda futbol klubi yangi homiylar kelganida ham davlat byudjetidan pul olmaydimi? Hozirda Toshkent shahar hokimligida mavjud aksiyalarning biror qismi yangi homiylar kelgach ular hisobiga o‘tadimi? Menimcha, katta ehtimol bilan shunaqa bo‘ladi.

«Paxtakor» davlat byudjetidan pul olgani jamoa tomonidan inkor etildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham o‘zlari taqdim etgan statistikada jamoaning qayerdan pul olganligi aytilmagani, balki futbol klubining qarzlari haqida ma’lumot berilganini ta’kidladi. Hozirda esa «Paxtakor» to‘liq Toshkent shahar hokimligiga tegishli. Keyinchalik homiylar topilsa moliyalashtirish ko‘p ehtimol homiylar tomonidan amalga oshiriladi. Topilmasa davlat byudjetidan jamoa pul oladimi, yo‘qmi — bunisi hozircha aniq emas.

Og‘abek Samisov

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.