Saudiya Arabistonida qarzi uchun qammoqqa olinganlarning kreditlari to‘lanadi

Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Al Saud qirollikning qarzdorligi sababli qamoqqa olingan 150 dan ortiq aholisiga kreditlarini to‘lash uchun 13 mln Saudiya rialini (deyarli 3,5 mln dollar) ajratdi, deya xabar bermoqda TASS. Unga ko‘ra, bu pullar muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ajratilgan. Valiahd shahzoda tomonidan yana 87 mln riyal (23 mln dollardan ortiq) xayriya qilindi.

Shunigdek: BAA va Saudiya Arabistonida boshqalarga qasddan koronavirus yuqtirish uchun 133 ming dollargacha jarima va besh yilgacha qamoq jazosi qo‘llaniladi. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta jarima COVID-19 pandemiyasi haqidagi mish-mishlar va ataylab yolg‘on ma’lumotlar tarqatish uchun 266 ming dollargacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi. BAAda esa 27 ming dollargacha jarima solinishi kutilmoqda.


200 mingga yaqin yaponiyaliklar «Tokio-2020»ning bekor qilinishini qo‘llab-quvvatlashmoqda

7 may kuni 190 mingdan ziyod kishi shu yil yozga qoldirilgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini bekor qilishni talab qiladigan onlayn-petitsiyani imzoladi. «Biz sog‘ligimiz va hayotimizni himoya qilish uchun Tokio Olimpiadasining bekor qilinishini talab qilamiz», — deyiladi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari, Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi rahbari, Olimpiya ishlari vaziri va Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi rahbariga yuborilgan petitsiyada. «Hozirgi sharoitni hisobga olgan holda, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari xavfsiz o‘tishi ehtimoldan yiroq emas», deyiladi petitsiya matnida. Tadbir tashkilotchisi o‘z veb-sahifasida «Biz Olimpiya o‘yinlarini to‘xtatish uchun mavjud resurslardan foydalangan holda koronavirus tarqalishining oldini olish hamda hayot va tirikchilikni himoya qilishga chaqiramiz», deya yozgan. — Interfaks.

Avvalroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Pfizer va BioNTech bilan Tokio Olimpiadasi ishtirokchilariga vaksinalarni yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzolanganligi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiya o‘yinlari 23 iyuldan 8 avgustgacha, Paralimpiya 24 avgustdan 5 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi.


Kolumbiyadagi namoyishlarda 379 kishi bedarak yo‘qoldi

Kolumbiyada soliq islohotiga qarshi norozilik namoyishlari paytida kamida 379 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilinmoqda. Bu haqda TASS mahalliy inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda. 26 ta fuqarolik jamiyati tashkilotlarini birlashtirgan maxsus ishchi guruhi Kolumbiya Ombudsman idorasidan mamlakat bo‘ylab ish tashlash boshlanganidan buyon bedarak yo‘qolgan 379 kishini qidirishni boshlashni talab qilmoqda. Kolumbiya Ombudsmani idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular bedarak yo‘qolgan 145 kishi haqida ma’lumot olishgan, ulardan 55 nafari topilgan. — TASS.

Bundan avval Kolumbiyadagi norozilik namoyishlari paytida 19 kishi halok bo‘lgani, 800 ga yaqin kishi jarohat olganligi haqida xabar bergan edik.


Ispaniya 13 mayga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadi

Ispaniya 13 mayga qadar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishni rejalashtirmoqda. El Pais’ning yozishicha, hozirgi vaqtda NATOning «Qat’iy qo‘llab-quvvatlash» missiyasida Ispaniyaning ishtiroki 24 nafar harbiy xizmatchi va ikki tarjimon bilan cheklangan. Ta’kidlaganishicha, qariyb yigirma yil davomida Afg‘onistondagi missiyada 27 mingdan ortiq ispan harbiylari qatnashgan, qirollik bu davrda 3,5 mlrd yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflagan. — El Pais.


Tog‘li Qorabog‘dagi Shusha shahri Ozarbayjonning madaniy poytaxti deb e’lon qilindi

7 may kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘tgan yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘da bo‘lgan harbiy harakatlar natijasida respublika nazoratiga o‘tgan Shusha shahrini mamlakatning madaniy poytaxti deb rasmiy e’lon qilish to‘g‘risida farmonni imzoladi. «Shusha shahrini Ozarbayjonning madaniy poytaxti deb e’lon qilish», deyiladi hujjatda. Ushbu farmon Shusha shahrining tarixiy qiyofasini va avvalgi shon-shuhratini tiklash, shuningdek «uni xalqaro maydonda Ozarbayjonning boy madaniyati, me’morchiligi va yorqin marvaridi sifatida» targ‘ib qilishga qaratilgan. — Ozarbayjon prezidentining veb-sahifasi.


Qozog‘iston poytaxtida emlanmagan davlat organlari xodimlari ishga kiritilmaydi

Qozog‘iston poytaxti Nursultonda emlanmagan markaziy davlat organlari (vazirliklar) xodimlari salbiy PZR tekshiruvi javoblarisiz ishga kiritilmaydi, deya xabar bermoqda Tengrinews. Prezident ishlarini boshqarish bo‘limi bosh sanitariya shifokori markaziy davlat apparati xodimlarini «emlash bilan 100 foiz qamrab olishni ta’minlash to‘g‘risida» qaror qabul qildi. 1 maydan boshlab ishga kirish faqat emlanganlar va 6 oydan kam muddat davomida COVID-19ga chalingan shaxslarga ruxsat beriladi. Vaksinatsiyaga mutlaqo qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan shaxslar, ya’ni homilador va emizikli ayollar, o‘tkir bosqichda otoimmun kasalliklarga chalingan shaxslar masofadan turib ishlaydi", — deyiladi xabarda. Asossiz sabablarga ko‘ra emlanmagan, mahalliy umumiy amaliyot shifokori xulosasi bilan tasdiqlangan shaxslar o‘zlarining mablag‘lari hisobiga (pullik asosda) 14 kun davomida amal qiladigan salbiy PZR tekshiruvi natijalari bilan ishga kiritiladi.

Ta’kidlanishicha, faqat quyidagi shaxslarga bepul PZR tekshiruvi o‘tkazilishi belgilangan:

  • COVID-19ga chalinib, yuqumli kasalliklar kasalxonasiga yotqizilgan shaxslar;
  • o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar;
  • COVID-19ga chalingan bemor bilan yaqin aloqada bo‘lganlar;
  • ambulatoriya sharoitida davolanadigan va klinik protokol bo‘yicha tibbiy nazorat ostida bo‘layotgan COVID-19ga chalingan shaxslar. — Tengrinews.

KXDR Janubiy Koreyadan yuborilgan varaqalarning biologik xavfi haqida ogohlantirdi

KXDR rasmiylari mamlakat shimoli-sharqidagi chegara hududlarida karantin choralarini kuchaytirdi. «Mahalliy aholi har qanday hodisalar haqida zudlik bilan tegishli idoralarga xabar berishi kerak», deyiladi xabarda. Rasmiy xabarda o‘lik hayvonlarga va shamol bilan uchirib kelingan, ehtimol koronavirus tashuvchisi bo‘lgan «g‘ayrioddiy narsalar»ga e’tibor berishni tavsiya qilgan. Bir kun oldin KXDR fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirgan. Mamlakatda tarqatilgan rasmiy xabarga ko‘ra, koronavirus chegara hududlaridan tarqatilgan Janubiy Koreyaning tashviqot varaqalari orqali yuqishi mumkin. TASSning, yozishicha xabarda tashviqot varaqalari «g‘ayrioddiy narsalar» deb nomlangan.

25−29 aprel kunlari Koreya Respublikasida yashovchi KXDRdan qochib kelganlar tashkiloti faollari Janubiy Koreyaning Kyongido va Kanvondo provinsiyalarining chegaraoldi hududlaridan geliy bilan to‘ldirilgan 10 ta aerostat orqali Shimoliy Koreyaga 500 ming tashviqot varaqalari, 500 bukletlar, shuningdek, 5 ming bir dollarlik banknotalarni yuborgan. Varaqalarda KXDR rahbariyati keskin tanqid qilinmoqda. — TASS.


AQSH Suriyaga qarshi sanksiyalar rejimini bir yilga uzaytirdi

AQSH prezidenti Jo Bayden Suriyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalar rejimini yana bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Gap 2004 yildan 2012 yilgacha bo‘lgan davrda Vashington tomonidan Damashqqa qarshi doimiy ravishda tatbiq etilgan turli xil cheklov choralarini kuchga kiritish haqida bormoqda. Ushbu cheklovlar, xususan, AQSH yurisdiksiyasidagi jismoniy va yuridik shaxslarining aktivlarini bloklashga, shuningdek, ayrim toifadagi AQSH tovarlari va xizmatlarini Suriyaga eksport qilishni taqiqlashni nazarda tutadi.

Shuningdek, Bayden Iroqda faoliyat yuritayotgan mamlakat neft kompaniyalarini himoya qilish uchun 2003 yilgi favqulodda holat dekretini yana bir yilga uzaytirdi.