Turkiya va Germaniya Liviyadan barcha «xorijiy yollanma askarlarning» chiqarilishini yoqlamoqda

Turkiya va Germaniya Liviyadagi barcha «chet ellik yollanma askarlar»ning ushbu mamlakatni tark etishini yoqlamoqda. Bu haqda 6 may kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Berlinda hamkasbi Xayko Maas bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi. «Biz Liviyada yangi tuzilgan hukumatni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ikkalamiz ham mamlakatdagi xorijiy yollanma askarlar Liviyani tark etishi kerak degan fikrga keldik», — deya ta’kidladi u. Shu bilan birga, vazirning ta’kidlashicha, Turkiya qurolli kuchlarining Liviyada bo‘lishi ushbu talabdan mustasno, chunki Turkiya Liviya hukumati bilan ushbu mavzu bo‘yicha kelishuvga erishgan. — TASS.


Fransiya baliqchilari norozilik namoyishini o‘tkazishmoqda

6 maydan beri Fransiya baliqchilari 50 dan ortiq kemalarda Angliya-Norman Jersi oroli yaqinida norozilik namoyishini o‘tkazishmoqda. Ta’kidlanishicha, ular Brexit’dan keyin Buyuk Britaniya tomonidan ularga qo‘yilgan baliq ovlash shartlaridan rozi emaslar. Orol atrofida kemalarning bir qismi harakatlanmoqda, yana bir nechtasi Sent-Xeliyer shahrining portini to‘sib qo‘yib, Commodore Goodwill yuk kemasining dengizga chiqishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, namoyishda ishtirok etish uchun yana bir qator kemalar orolga yo‘l olgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilarning aksariyati Normandiya va Bretandan.

Avvalroq, Fransiya dengiz vaziri Annik Jirarden agar Buyuk Britaniya hukumati fransuz baliqchilarining Jersi oroli atrofidagi suvlarga kirishini cheklashni davom ettirsa, Fransiya sanksiyalarni qo‘llashga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Vazir, shuningdek, Fransiyaning orolga elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligini ta’kidladi. Buyuk Britaniyaning ma’muriyati Jersi suvlarida baliq ovlashga Fransiyaning 344 baliq ovlash kemasi o‘rniga 41 kemaga ruxsat bergan, bu esa Fransiyaning noroziligini keltirib chiqargan. — TASS.


Germaniyada kanslerning vakolatlarini ikki muddat bilan cheklash taklif qilindi

Bavariya xristian ijtimoiy ittifoqi parlament guruhi rahbari Shtefan Myuller Germaniya kanslerining vakolatlari ikki qonunchilik muddat bilan cheklanishi kerakligini ta’kidladi. «Ular (cheklovlar) partiyalarni doimo o‘zlarini yangilab turishga va innovatsion bo‘lishga majbur qiladi», — dedi Myuller. Shu bilan birga, u kanslerning vakolat muddatini to‘rt yildan besh yilgacha oshirishni taklif qildi. Bu, uning fikriga ko‘ra, Federal hukumatiga «qat’iy choralar ko‘rish va ularni amalga oshirish» uchun ko‘proq vaqt beradi. Bundan tashqari, uningcha, ushbu qadam siyosiy faoliyatda barqarorlikni ta’minlaydi.

O‘tgan hafta kansler lavozimiga nomzod sifatida tanlangan Yashillar partiyasining hamraisi Annalena Berbok ham Germaniya hukumati rahbarining vakolat muddatini qisqartirish masalasini muhokama qilishni taklif qilgan edi. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat taraqqiyotiga «yangi turtki berishi» mumkin. — Die Welt.

Germaniyada kanslerning vakolatlari muddati cheklanmagan. Amaldagi hukumat rahbari Angela Merkel 2005 yil noyabridan beri Germaniya Federal hukumatini boshqarib kelmoqda. 2021 yil sentyabr oyida Germaniyada parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tadi.


Yevropa Ittifoqi Isroilni Falastindagi qurilishdan voz kechishga chaqirmoqda

Yevropa Ittifoqi Isroil hukumatini Iordan daryosining G‘arbiy sohilida aholi punktlari qurilishini to‘xtatishga chaqirdi. Hujjat matnida ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi «ikkala tomon kelishib olganidan tashqari, 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarda, shu jumladan Quddusda bo‘lgan har qanday o‘zgarishlarni tan olmaydi». «Isroil hukumati ushbu faoliyatni to‘xtatishi va Falastin jamoalarining qonuniy qurilishi va rivojlanishi uchun tegishli ruxsatnomalarni berishi kerak», deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Isroilning G‘arbiy sohildagi qurilish ishlari o‘n yil davom etayotgan Isroil-Falastin qarama-qarshiligini hal qilishning asosiy to‘siqlaridan biridir. 2016 yil dekabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashi ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilib, Isroildan Falastin tomonidan bosib olingan hududlarda aholi punktlarini qurishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan. O‘shanda Isroil BMT Xavfsizlik Kengashining ushbu talabiga rioya qilmasligini e’lon qilgan edi. — Yevropa Ittifoqining rasmiy veb-sahifasi.


Xitoy iqtisodiy muloqot doirasidagi Avstraliya bilan hamkorlikni muzlatib qo‘ydi

Xitoy taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi 6 may kuni Xitoy-Avstraliya strategik iqtisodiy muloqot mexanizmi doirasidagi barcha tadbirlarni muddati belgilanmagan holda to‘xtatishga qaror qabul qilganligini e’lon qildi. Ushbu qaror Avstraliya hukumatining Xitoy-Avstraliya hamkorligiga hozirgi yondashuvi munosabati bilan qabul qilindi. So‘nggi paytlarda, Avstraliya hukumatining ba’zi rasmiylari tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi normal savdo va o‘zaro aloqalarni buzishga qaratilgan harakatlar qilinmoqda, deyiladi Davlat qo‘mitasi bayonotida. Aprel oyida Avstraliya hukumati Viktoriyaning «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro savdo tashabbusi doirasida Xitoy bilan tuzgan shartnomasini buzgan edi. — Sinxua.


Gretsiyada mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlarga qarshi ish tashlashlar boshlandi

Gretsiyada 6 may kuni mehnat qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga qarshi norozilik namoyishlari va ish tashlashlar bo‘lib o‘tmoqda. Nafaqat Afinada, balki mamlakatning boshqa yirik shaharlarida ham norozilik aksiyalari rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ishchilar kasaba uyushmalari poytaxtdagi jamoat transportini cheklashga qaror qilishgan. Bir qator reyslar bekor qilindi yoki keyingi kunga qoldirildi. Ish tashlash paromlarning ishlashiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ta’kidlanishicha, namoyishchilar rejalashtirilgan mehnat qonunchiligi islohotidan norozi. O‘zgarishlar, xususan, masofadan turib ishlash qoidalariga tegishli. Ishchilar kasaba uyushmalarining fikriga ko‘ra, islohot ularning holatini va mehnat sharoitlarini yomonlashtiradi. — Interfaks.


«Sputnik Layt» vaksinasi Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazildi

Rossiyada bitta komponentli koronavirusga qarshi «Sputnik Layt» vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Uning samaradorligi 79,4 foizni tashkil etdi. Yangi vaksina saqlash va logistika uchun maxsus sharoitlarni talab qilmaydi (+2;+8 Selsiy bo‘yicha). Shuningdek, uning narxi 10 dollardan kamligi aytilmoqda. Spot’ning yozishicha, bitta in’eksiya bilan qo‘llash sxemasi qisqa vaqt ichida ko‘plab odamlarni immunizatsiya qilish va epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga imkon beradi. «Sputnik Layt» koronavirus tarqalishining oldini olishda aholining katta guruhlarini tezroq emlash, shuningdek koronavirusga chalingan odamlarda yuqori immunitetni saqlashga yordam beradi. — Spot.


Shuningdek:

  • SpaceX beshinchi urinishda, ilk bor Starship raketa prototipini muvaffaqiyatli tarzda qo‘ndira oldi. Bundan avval Mars va Oyga uchishga mo‘ljallangan ushbu turdagi raketa prototipi to‘rt marotaba portlagan edi.