17 mart kuni Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Badriddin Nasriyev Xalq demokratik partiyasining (XDP) Samarqand viloyat kengashi raisligiga saylandi. Kun.uz nashri Nasriyevning O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) deputati ekanligi, XDP xodimlari buni sharmandalik deb baholashayotgani haqida xabar berdi.

“Bu holat aslida XDPning ham qoidalariga zid. O‘zbekiston XDP Ustavining 14.1 hamda 7.8-bandlari qo‘pol ravishda buzildi. Ustavga ko‘ra, aslida yuqoridagi yig‘ilishning o‘zi qonuniy bo‘lishi uchun plenum a’zolarining hech bo‘lmaganda yarmi ishtirok etishi kerak edi. Ammo anjumanda 59 nafar plenum a’zolaridan faqat 27 kishi ishtirok etdi.

Umuman, boshqa partiya vakilining bizga rahbar etib saylanishi nafaqat partiyamiz xodimlari, balki XDPga ergashganlar uchun ham sharmandali holat bo‘ldi deb hisoblaymiz", deya XDP Samarqand viloyat kengashi vakillarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz nashri.

Xalq demokratik partiyasi Badriddin Nasriyev Samarqand viloyat kengashi raisi etib saylangani yuzasidan tushuntirish berdi.

Partiya Samarqand viloyat kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritayotgan B. Nasriyev ixtiyoriy ravishda partiya a’zoligini tanlashi uning shaxsiy huquqi hisoblanishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, B. Nasriyev mintaqaviy partiya kengashi raisligiga saylanishidan avval Xalq demokratik partiyasi a’zoligiga fevral oyida qabul qilinib, unga a’zolik guvohnomasi berilgan.

“Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining tegishli qarori bilan B. Nasriyev O‘zLiDeP guruhi a’zoligidan chiqarilgan bo‘lib, bugungi kunda deputat sifatidagi faoliyatini ham amalga oshirib kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘zLiDeP partiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ushbu holatga munosabat bildirdi.

“To‘g‘risi partiyalarning jamiyat va mamlakat hayotidagi siyosiy o‘rni uchun juda qo‘pol xatolik bo‘libdi. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. O‘zaro g‘oya, siyosiy iroda va saylovoldi platformasi orqali bir biridan farq qiluvchi siyosiy kuchlar uchun bunaqa xatolikka yo‘l qo‘yish joylarda partiyalarning haqiqiy o‘rni haqida ko‘plab savollarni tug‘diradi”, — deb yozadi u.