1 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Qibray tumanida yangi bog‘ barpo etilayotgan hududga tashrif buyurib, ilk daraxtlarni o‘tqazishda ishtirok etdi. Davlat rahbari yangi bog‘ hududi Toshkent tarkibiga o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«Bu bog‘ Toshkent viloyati hududida joylashgan. Bu yerlarni Toshkent shaharga o‘tkazib beramiz. Parlament tasdiqlasa, bu [yer] Toshkentga o‘tadi. Baribir, Toshkent shahri katta bo‘lishi kerak. Aholimizning uy-joyga, ijtimoiy sohalarga talabi yuqori bo‘layapti», — dedi davlat rahbari (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasidan olindi).

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uch-to‘rt yil ichida Toshkentda qurilish sohasida katta ishlar amalga oshirildi, yangi bino va ob’ektlar bunyod etildi.

«Endi buni to‘xtatib, [qurilish ishlarini] shahardan tashqariga chiqarish kerak», — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, fevralda «Toshkent-Sharqiy» aerodromi yaqinida 155 gektarlik dendropark, 160 gektarlik Olimpiya shaharchasi va Chirchiq daryosi qirg‘oqlarida 270 gektarlik park barpo etilishi haqida xabar qilingan edi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

Prezident yangi bog‘da daraxtlarni ulkan daraxtning beshta novdasi shaklida ekishni taklif qildi, bu O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ramziy ma’noda anglatadi.

Xuddi shu yerda mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Istiqlol» majmuasi ham bunyod etiladi. Qurilish vazirligining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, gap Toshkent markazidagi Moviy gumbazlar xiyobonida joylashtirilishi rejalashtirilgan majmua haqida ketmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev ushbu bog‘ «O‘zbekistonning yangi qiyofasini, uning ulkan salohiyatini, ko‘p millatli xalqimizning birligi va hamjihatligini aks ettiruvchi» majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shularni inobatga olgan holda u boqqa «Yangi O‘zbekiston» nomini berishni taklif qildi. Yig‘ilganlar taklifni ma’qullashdi.