O‘zbekiston Qurilish vazirligi «Gazeta.uz»ga Toshkentdagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi rekonstruksiyasi loyihasini taqdim etdi.

28 aprel kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev, «ShaharsozlikLITI» bosh me’mori Gulshoira Magametova, Qatag‘on qurbonlarini xotirlash muzeyi direktori o‘rinbosari Yusuf Ashurov va Toshkent hokimiyati huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» IK direktori o‘rinbosari Rahmatulla Qo‘chqorov loyiha taqdimotini o‘tkazishdi.

Aprel oyi o‘rtalarida «Gazeta.uz» Yunusobod tumanidagi «Shahidlar xotira» majmuasi panjara bilan o‘rab qo‘yilgani, uning hududida qurilish ishlari boshlangani haqida yozgan edi. Devorda ob’ekt pasporti bo‘lmagan va loyiha ma’lumotlari avvaldan e’lon qilinmagan edi. Toshkent hokimiyati majmua daraxtlarga zarar yetkazmasdan obodonlashtirilishini aytdi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov majmua «ayanchli ahvolda» ekani, shuning uchun uning hududida qurilish va ta’mirlash ishlari boshlanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihada birinchi navbatda Qatag‘on qurbonlarini xotirlash muzeyi, uning tashqi fasadi va tomini yangilash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, majmua hududida yangi piyodalar va velosiped yo‘llari, amfiteatr, kafe va katta avtoturargoh quriladi, velosiped ijarasi yo‘lga qo‘yiladi. Majmuaning asosiy ma’muriy binosini qurish rejalashtirilgan. Qurilish vazirligi rahbari loyiha muhokamaga qo‘yilishini, «qarama-qarshiliklar bo‘lsa, ular ham ko‘rib chiqilishini» ta’kidladi.

Toshkent hokimiyatining xabar berishicha, qurilish-ta’mirlash ishlari va yodgorlik majmuasini obodonlashtirish Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hujjat ochiq manbalarda mavjud emas («Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, ushbu hujjat maxsus Xizmat foydalanuvi uchun grifga ega).

Taklif etilgan rekonstruksiya loyihasi qanday ko‘rinishga ega?

Ma’muriy bino

Foto: Qurilish vazirligi / «Gazeta.uz».