Publitsist Shuhrat Rizayevning O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning vafoti tafsilotlari bayon qilingan maqolasi jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda Rizayev 10 aprel kuni tushdan keyin artistdan kelgan xabarni e’lon qilgan edi.

«Assalomu alaykum Shuhrat akajon! Menga ko‘p yordam bergansiz, yana bir yordam qiling. 18 kundan beri koronavirusga chalinib, Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada — «Achavotta"man go‘yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o‘xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o‘tkazib berishsin, ayolimni chaqirishsin, menga Tojibar o‘zi qaramasa, boshqa birov qaray olmaydi», deyilgan хабарда.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, mutaxassislarning fikrini o‘rgandi. Qolaversa, marhumning yaqinlari bilan ham bog‘langan.


Ma’lum bo‘lishicha, marhum M. Azizov Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga shu yilning 23 mart kuni murojaat qilgan. Bemorda koronavirusga PZR test tahlili musbat, o‘pka to‘qimasi 60−65 foizgacha zararlangani va saturatsiya darajasi 78−80 foiz bo‘lgani uchun bemorning umumiy ahvoli og‘ir deb baholanib, shifoxonaning B-blokidagi 2-reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorning kasallik tarixi o‘rganilganda, shifoxonaga kelishidan oldin 17 mart kuni ham PZR test tahlili topshirgani va tahlil natijasi musbat chiqqani ma’lum bo‘lgan. 18 mart sanasida esa bemorda tana haroratining 38 S darajagacha ko‘tarilishi, nafas olishining qiyinlashishi, umumiy holsizlik kuzatilgan.

Shifoxonaga borgunga qadar uy sharotida 4 kun davomida davolangan. 22 mart kuni turmush o‘rtog‘i va farzandlarida ham tana harorati ko‘tarilishi kuzatilganligi sababli bemor bilan birgalikda 23 mart kunida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojat qilgan.

Reanimatsiya zali. Foto: SSV.

Shifoxona direktori Doniyor Mirazimov bemorlar nima uchun reanimatsion zalga joylashtirishi kerakligi haqida atroflicha tushintirish berdi. Uning aytishicha, shifoxona reanimatsiya bo‘limi 36 nafar bemorga mo‘ljallangan 6 ta zaldan iborat. Bu jahon standartlariga mosligi aytilmoqda.

«Butun dunyo shifoxonalarining reanimatsiya bo‘limlarida bo‘lgani kabi bir zalda 6 nafar o‘ta og‘ir bemorga reanimatsion va intensiv yordam ko‘rsatiladi. Har bir zalda 1 ta reanimatsion post tashkil qilingan bo‘lib, 1 nafar reanimatolog shifokor, 2 nafar reanimatsiya hamshirasi, 1 nafar kichik tibbiy xodim sutkasiga 3 smenada doimiy ravishda bemorlarni nazorat qilib turadi», — dedi Mirazimov.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov. Foto: SSV.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tartib nafaqat O‘zbekiston balki xorijiy davlatlar shifoxonalarida ham joriy etilgan.

«Faqat bizning shifoxonada emas, balki dunyodagi eng yetakchi klinikalar, masalan, Isroildagi Ichilov markazi va Assuta markazi, AQSHdagi Jons Xopkins universiteti shifoxonasi va Sedars-Sinay tibbiyot majmuasi, Germaniyadagi Myunxen universiteti klinikasi va Sharite tibbiyot majmuasi, Janubiy Koreyadagi Gachon tibbiyot universitetining Gil shifoxonasi va Buyuk Britaniyadagi Greyt-Ormond-strit shifoxonalarining reanimatsion bo‘limlarida ham xuddi shunday tartib joriy qilingan», — dedi shifoxona direktori.

Mirazimov shunindek, reanimatsiyaga olingan bemor alohida xonaga o‘tkazilsa, bir qancha muammolar yuzaga kelishini ham qo‘shimcha qilgan.

«Reanimatsion zalda birgina kardiomonitor qurilmasi orqali 6 ta bemorning ko‘rsatkichlarini bir vaqtning o‘zida nazorat qilib turish mumkin. Bunday bemorlarni alohida xonaga joylashtirishning qiyinchiligi shundaki, agar bemorning ahvoli og‘irlashgudek bo‘lsa, asosiy mutaxassislar uning yoniga zudlik bilan yetib borishi uchun vaqt ketishi mumkin. Bizni tanqid qiluvchi hamyurtlarimiz bunday vaziyatda bir soniyaning ham ahamiyati bebaho ekanini o‘ylab fikr bildirganlari yaxshi edi», — dedi u.

Bundan tashqari, bir oy davomida Mirza Azizovni davolashga rahbarlik qilgan reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimov artistga davo muolajalari xorijlik shifokorlar tavsiyasi asosida qilinganini aytdi.

«Shifoxonamizdagi boshqa og‘ir ahvolda yotgan bemorlar qatori marhum M.Azizovning ham ahvoli nafaqat mamlakatimizdagi yetakchi shifokorlar, balki jahonning sohadagi eng nufuzli mutaxassis olimlari tomonidan o‘rganilib, kerakli tavsiyalar olib turildi, — deydi Hakimov. — Xususan, oxirgi marta Moskva Sog‘likni saqlash boshqarmasi bosh reanimatologi, professor, tibbiyot fanlari doktori M.N.Zamyatin hamda yurtimizning yetakchi professorlari ishtirokida bemor bevosita tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, konsultatsiyalar tashkil qilindi. Ularning tibbiy ko‘rsatma va maslahatlari asosida intensiv davo muolajalari davom ettirildi».

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi 2-reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimov. Foto: SSV.

Ta’kidlanishicha, bemorning turmush o‘rtog‘i Tojibar Azizovaning holati 9 kunda, boshqa oila a’zolarining ham sog‘ligi 7 kunda yaxshilanib, tuzalgani uchun uyiga ruxsat berilgan. Keyinchalik Azizovning talabiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga qarovchi sifatida chaqirilgan.

«Biroq bemordagi yurak ishemik kasalligi, xafaqon kasalligi 2−3 darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlik 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar fonida uning umumiy ahvoli og‘irlashib bordi. 5 aprel kuni qayta o‘tkazilgan MSKT tekshiruvida o‘pka to‘qimasining zararlanishi 70−75 foizga oshgani kuzatildi», — dedi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i.

Shu yilning 16 aprel kuni olib borilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan, bemorda klinik o‘lim xolati, ya’ni yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatilgan. Bemorda o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan biologik o‘lim holati qayd etilgan.

Xabarda aytilishicha, bemorda o‘tkazilgan intensiv davo choralarining har bir bosqichini uning turmush o‘rtog‘i kuzatib borgan.

«Ochig‘ini aytsam, men faqat ko‘rgan narsalarimgagina ishonaman. Shu bois, umr yo‘ldoshimning so‘nggi kuniga qadar yonida bo‘lgan inson sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, ushbu muassasada mehnat qilayotgan kichik xodimdan tortib, hamshira, feldsher va shifokorlargacha Mirza akamning sog‘ayib ketishlari uchun yurakdan ishlashdi. Ishoning, qo‘llaridan nima kelsa, qaysi davo muolajasi zarur bo‘lsa, amalga oshirdilar», — dedi Tojibar Azizova.

Reanimatsiya xali. Foto: SSV.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Mirza Azizov nozikta’b shaxs bo‘lgan va davolanish vaqtida tushkunlikka tushib qolgan.

«Rahmatli turmush o‘rtog‘im tabiatan nozikta’b inson edilar. Shifokorlarning qat’iy talablariga ham uncha e’tibor bermasdan, biroz erkalik qilganlari bor gap. O‘zlari „mendan og‘ir ahvoldagi bemorlar ham sog‘ayib chiqyapti, mening ahvolim o‘nglanmayapti“ degan gapni ko‘p aytdilar. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘ylab ko‘rsam, shifokorlarning talablarini so‘zsiz bajarganimizda Mirza akamni saqlab qolish mumkinmidi, degan xayolga boraman», — dedi artistning turmush o‘rtog‘i.

Qolaversa, u shifokor va hamshiralar g‘amxo‘rligidan bir umr minnatdorligini ma’lum qilgan.

«Qaniydi, shifoxonaga kirishga imkon bo‘lsayu, o‘sha yerdagi barcha hamshira va shifokorlarni bir-bir bag‘rimga bosib, ularga beminnat xizmatlari uchun rahmatlar aytsam», — deydi Tojibar Azizova.

Avvalroq, Mirza Azizovning 25 kun reanimatsiyada bo‘lib, koronavirus bilan kurashgani haqida yozgan edik.