Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov «Milliy Tiklanish» Demokratik Partiyasi ilgari surgan taklif — davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida bo‘lishi kerakligi haqidagi norma deputatlar tomonidan ma’qullanganmaganini ma’lum qildi. Amaldagi «Davlat tili haqida"gi Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi shaxslar davlat idoralariga davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilishlari mumkin. Ayni huquq «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi Qonunda ham aks etgan.

«Milliy Tiklanish» Demokratik Partiyasi taklifining qabul qilinmaganligiga munosabat bildirar ekan, Alisher Qodirov «o‘zbek tili ojiz» deb yozdi. Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov «nahotki deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor», deya munosabat bildirdi. Tarixchi, deputat Azamat Ziyo «agar demokratiya millatim, davlatim tilini kesishga, chuchuk qilishga xizmat qilsa, men undan yuz o‘giraman», deb yozdi. O‘zLiDeP a’zosi, deputat Doniyor G‘aniyev fuqarolarning davlat organlari bilan rasmiy muloqoti davlat tilida bo‘lmas ekan, davlat tilini tushunish va o‘rganish ehtiyoji hech qachon yaratilmasligini aytdi.

Xuddi shu partiya vakili, deputat Rasul Kusherbayev esa bu masalaga «bir tilni bu mamlakatdagi barcha uchun majburiy «xalq tili»ga aylantirishdan tiyilaylik», deya munosabat bildirgan edi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi «Milliy tiklanish» partiyasi taklifiga qarshi ovoz bergani sababini izohlar ekan, bu taklifni «amaldagi qonunlarga zid», «Milliy tiklanish» partiyasi raisi esa «odamlarning nozik hissiyotlari va e’tiqodlariga tegish maqsadida» «Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun loyihasining aynan shu moddasiga urg‘u berayotgandek, deya baholadi. XDP vakili Maqsuda Vorisova «Hokimning qabuliga kelgan qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, rus qariyalar o‘zlari bilan tarjimon olib kelishlari haqidagi talab qaysi qonunga yoki insoniylikka to‘g‘ri keladi? Nahotki bechora, miskin, nogironlarni sarson qilish bilan o‘zbek tili yuksaladi?» deya savol bilan murojaat qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham mazkur normaning qabul qilinmaganligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu normani ma’qullamagan va betaraf ovoz bergan deputatlarning kimligini oshkor qilishga chaqirishdi. Boshqalar esa Rossiya va AQSH tajribasini eslatib, bu davlatlarda hamma davlat organlariga davlat tilida (mos ravishda rus yoki ingliz tilida) murojaat qilishi lozimligini aytishdi. Haqiqatda ham shundaymi? «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov ushbu masalani tahlil qildi.

Xalqaro tajriba

AQSH Konstitutsiyasida hech qaysi til davlat tili deb belgilanmagan. Aksar davlat organlari ingliz tilini bilmaydiganlar huquqlarini ta’minlashga va bunday shaxslar uchun tarjima xizmatlarini tashkil etishga majbur. Ko‘pchilik shtatlar o‘z qonunchiligida ingliz tilini rasmiy til deb e’lon qilishgan, shu bilan birga, ularda ham rasmiy tilni bilmaydiganlar huquqlari kafolatlangan. Masalan, Kaliforniya shtati qonunlariga ko‘ra ingliz tili rasmiy til bo‘lsa ham, ingliz tilida gaplashmaydiganlarga davlat xizmatlarini rad qilish diskriminatsiya sifatida baholanishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 68-moddasiga ko‘ra, rus tili davlat tili hisoblanadi. Shu bilan birga, Rossiya tarkibidagi respublikalar davlat tilini o‘zlari belgilashi mumkinligi qayd etilgan. Masalan, Tatariston Konstitutsiyasiga ko‘ra, rus va tatar tillari davlat tillari hisoblanadi. «Rossiya Federatsiyasi fuqarolari murojaatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida"gi Federal Qonun davlat organlariga murojaatlar qaysi tilda bo‘lishi kerakligini belgilamaydi.

Rossiya parlamenti yuqori palatasi — Federatsiya Kengashining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yo‘riqnomasida xorijiy tillardagi yoki Rossiyada istiqomat qiluvchi xalqlar tillaridagi murojaatlar rus tiliga tarjima qilingandan keyin ko‘rib chiqilishi belgilangan. Yo‘riqnoma matnidan murojaat tarjimaga Federatsiya Kengashi tomonidan yuborilishini tushunish mumkin. Rossiya tarkibidagi Tataristonning murojaatlar to‘g‘risidagi qonunida fuqarolarga Tataristonning davlat tillarida, o‘z ona tillarida yoki Rossiyada istiqomat qiluvchi millatlar tillarida murojaat qilish huquqi kafolatlangan bo‘lib, murojaatlarga javoblar imkon qadar murojaat tilida, buning imkoni bo‘lmagan hollarda esa davlat tillarida berilishi qayd etilgan.

Qirg‘izistonda qirg‘iz tili davlat tili, rus tili esa rasmiy til deb e’lon qilingan. «Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida"gi Qonunda fuqarolar davlat organlariga davlat tilida, rasmiy tilda yoki Qirg‘izistonda yashovchi boshqa millatlar tilida murojaat qilishi mumkinligi, murojaatga javob imkon qadar murojaat qilingan tilda berilishi qayd etilgan.

Tojikistonning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini tartibga soluvchi qonunida murojaatchiga nisbatan turli asoslarga ko‘ra, shu jumladan, til bilan bog‘liq diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur qonunga ko‘ra, murojaatga javob davlat tilida (ya’ni tojik tilida), murojaatchi talab qilgan hollarda esa — murojaat qilingan tilda berilishi lozim. Shunga o‘xshash, ya’ni murojaatlarga javob davlat tilida yoki murojaat qilingan tilda berilishini belgilovchi norma Qozog‘iston qonunchiligida ham belgilangan.

Shu bilan birga, fuqarolarning davlat organlari bilan munosabatlarida davlat tilining qo‘llanilishi bilan bog‘liq qat’iyroq talablar qo‘yilgan davlatlar ham yo‘q emas. Masalan, Ukrainaning «Ukrain tilining davlat tili sifatida ishlatilishini ta’minlash to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlariga murojaatiga javoblar davlat tilida beriladi. Ozarbayjon qonunchiligida ham murojaatga javob davlat tilida bayon qilinishi belgilangan, shu bilan birga, til nuqtai nazaridan murojaat qilish huquqini cheklash ta’qiqlangan.

Gruziyaning «Davlat tili to‘g‘risida"gi Qonunida fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruv organlari bilan aloqalarda davlat tilini ishlatishi belgilangan, shu bilan birga, milliy ozchiliklar jips yashaydigan hududlarda fuqarolarning davlat va mahalliy boshqaruv organlari bilan aloqalarida davlat tarjimon bilan ta’minlashi majburiyati ham belgilangan. Latviya qonunchiligida fuqarolarning davlat organlari bilan muloqotlari davlat (latish) tilida bo‘lishi belgilangan.

Shuni ham qayd etish lozimki, xalqaro normalarda, xususan, BMTning «Milliy yoki etnik, diniy va lisoniy ozchiliklar huquqlari to‘g‘risida"gi Deklaratsiyasida va Yevropa Kengashining «Milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Doiraviy Konvensiyasida ozchiliklar vakillari o‘z ona tillarini «shaxsiy hayotda va ommaviy munosabatlarda erkin, diskriminatsiyasiz ishlatish huquqiga ega ekanliklari» belgilangan. Xususan, Latviyaning yuqorida qayd etilgan til to‘g‘risidagi qonunini o‘rgangan xalqaro tashkilotlar mazkur qonunda milliy ozchiliklarning davlat idoralari bilan muloqotlarida ona tilini ishlatishlari masalalarida yengilliklar kiritishni tavsiya qilishgan.

Davlat tilini o‘rganish uchun imkoniyatlar yetarlimi?

Amaldagi «Davlat tili to‘g‘risida"gi Qonunning 4-moddasida fuqarolarga davlat tilini o‘rganish uchun shart-sharoit yaratilishi, davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshirilishi belgilangan. Bu modda qanchalik ishlamoqda, degan savol tug‘iladi.

Ta’lim o‘zbek tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning o‘quv rejasiga 2-sinfdan boshlab o‘zbek tili kiritilgan, ya’ni maktab o‘quvchisi 10 yil davomida o‘zbek tilini o‘rganadi. Amaldagi o‘zbek tili darsliklarini tahlil qilsak, ularning ona tili bo‘lmagan tillarni o‘qitishga mo‘ljallangan kommunikativ til o‘qitish metodikasidan mutlaqo yiroq ekanligining guvohi bo‘lamiz.

Kommunikativ til o‘qitish metodikasida har bir darsda biron-bir nutqiy vaziyat doirasida o‘quvchilarning nutqiy kompetensiyalarini (o‘qib tushunish va tinglab tushunish, og‘zaki va yozma muloqotga kirishish) shakllantirish maqsad qilinadi hamda shu maqsadga mos grammatik va leksik birliklar tanlanadi. Bunda imkon qadar autentik (tilning real hayotda ishlatilishini ko‘rsatadigan) yoki yarim autentik materiallar tanlanadi: ko‘chalardagi e’lonlar, gazeta yoki jurnallardan olingan maqolalar, televideniye va radiodan yozib olingan materiallar, hatto chiptalar autentik materiallarga misol bo‘la oladi.

2-sinf darsligini varaqlar ekanmiz, darslikning yarmi o‘zbek tili alifbosining harflarini o‘rgatishga bag‘ishlanganligini, bunda darslar uzuq-yuluq, hech qanday tilni qo‘llash vaziyatini aks ettirmaydigan gaplar asosida tuzilganligini ko‘ramiz. Harflar «o‘rgatib bo‘lingandan» keyingi darslar ham «matnni o‘qing», «takrorlang», «ko‘chirib yozing», «suhbatlashing», «tarjima qiling» singari mutlaqo bir-biriga bog‘lanmagan, o‘quvchida tilni qo‘llay olish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qilmaydigan topshiriqlardan iborat. Buning ustiga, darslik hali tilni endi o‘rganishni boshlagan o‘quvchi tushunmasligi aniq bo‘lgan she’rlar va matnlarga «boy». Keyingi sinflar darsliklari ham til o‘rganuvchi ehtiyojlarini mutlaqo hisobga olmagan holda tuzilgan.

Ushbu darsliklarning zamonaviy til o‘qitish metodikasidan naqadar yiroqligini tushunish uchun kommunikativ metodikaga asoslangan istalgan darslik, masalan, boshlang‘ich maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan «English World» darsligi bilan solishtirib ko‘rish yetarli. Mavzu boshida o‘quvchilarga muayyan mavzuda muloqot qilish uchun kerakli so‘zlar va grammatik qoliplar beriladi, shundan so‘ng ushbu so‘zlar va qoliplar ishtirokida nutq ko‘nikmalarini rivojlantiradigan mashqlar ustida ishlanadi. Bunday metodika o‘quvchilarning darsda faolligini ta’minlaydi va til ko‘nikmalarining shakllanishiga xizmat qiladi. Shuning uchun ham aksar hollarda, deylik, til o‘rgatuvchi kurslarga qatnagan o‘quvchi til muhiti bo‘lmagan ingliz tilini bir yilda erkin muloqot darajasigacha o‘zlashtirishi mumkin, til muhiti bo‘lgan holda 10 yil o‘qib ham o‘zbek tilida muloqot qila olmaydi.

To‘g‘ri, Respublika ta’lim markazi boshqa fanlar qatori o‘zbek tili dasturi va darsliklari ham tubdan qayta ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq, yangi dastur va darsliklar asosida o‘qishni boshlagan o‘quvchilar maktabni bitirishi uchun hali kamida o‘n yil kerak bo‘ladi.

Yana bir jihat. Ingliz tilida til o‘rganishning har bir bosqichida o‘rganilishi lozim bo‘lgan so‘zlar va grammatik konstruksiyalarni aniq belgilash uchun maxsus tadqiqotlar o‘tkazilgan. Shunga o‘xshash til o‘rganishning darajalarini belgilaydigan taqdiqotlar boshqa tillar, masalan, rus tili uchun ham o‘tkazilgan va o‘quv materiallarini shakllantirishda bu tadqiqotlar natijalariga suyaniladi.

Boshqa millat vakillariga o‘zbek tilini o‘rgatishning ilmiy-metodik asoslari yaratilganmi? Yoshi katta yurtdoshlarimiz uchun, qonunda belgilanganidek, bepul asosda yoki pullik bo‘lsa ham o‘zbek tilini muloqot darajasida o‘rganish uchun kurslar mavjudmi? 1990 yillar boshida chop qilingan va ham ma’nan, ham metodik jihatdan eskirgan Kissen va Rahmatullayevlarning, yoki Ismatullayevning qo‘llanmalaridan keyin, o‘zbek tilini mustaqil o‘rganishga mo‘ljallangan adabiyotlar chop etildimi, agar «ha» bo‘lsa, ular ehtiyojni qoplay oladimi? O‘zbek tilini mustaqil o‘rganish imkonini beradigan, masalan, Britaniya Kengashi, Eron Merosi fondi yoki Pushkin Institutining platformalariga o‘xshagan resurslar mavjudmi?

«Davlat tili to‘g‘risida"gi Qonunning amaldagi tahriri 1995 yilda qabul qilingan edi va fuqarolarga davlat tilini o‘rganish uchun shart-sharoit yaratilishi haqidagi norma ham o‘sha paytda belgilangan edi. Shu davr ichida bu norma amalda ishladimi, «shart-sharoit yaratildimi», endi biz bemalol barcha fuqarolarning davlat organlariga murojaati davlat tilida bo‘lishini talab qila olamizmi?

O‘zbek tiliga sun’iy obro‘ kerakmi?

Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan maqolamda tilning obro‘si, mavqeini ko‘tarish uchun bu tildagi sifatli manbalar ko‘p bo‘lishi kerakligini yozgan edim. Dunyoning turli burchaklarida olimlar ingliz tilini o‘rganishlariga sabab — ilm-fan olamidagi yangiliklar birinchi bo‘lib shu tilda e’lon qilinadi. O‘zbek tilda sifatli ilmiy, ilmiy-ommabop, texnikaviy manbalar, o‘quv adabiyotlari yetarlimi?

O‘tgan yili baholash nazariyasi va pedagogik o‘lchovlarga bag‘ishlangan o‘zbek tilidagi qo‘llanmamni nashrga tayyorlayotganimda sohaga oid ayrim atamalarni ingliz tilida qoldirib, o‘zbek tilida izohini berishga majbur bo‘lgan edim. Sababi — bu sohaga oid o‘zbekcha atamalar muammosi oxirigacha hal qilinmagan. O‘ylaymanki, bunday muammolar boshqa sohalarda ham mavjud.

Balki, «sentabr» yozish kerakmi yoki «sentyabr» to‘g‘rimi, «sh» yozish qulaymi yoki «ş» singari bahslardan ko‘ra, o‘zbek tilining obro‘si va mavqeini oshirish uchun sohalarga oid atamalar muammolarini, o‘zbek tilidagi manbalar sifati masalasini hal qilgan foydaliroqdir? Axir, o‘zbek tilida sifatli manbalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, uni o‘rganishga tabiiy ehtiyoj shunchalik yuqori bo‘ladi.

Yoki, butun dunyo yoshlarining ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys yoki yapon tillarini o‘rganishga intilishiga sabablardan biri — bu tillarda sifatli ta’lim imkoniyati. Yetakchi universitetlar reytinglarini tahlil qilsak, eng yuqori o‘rinlarni egallagan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatida inglizzabon mamlakatlar oliygohlari ko‘pligini ko‘ramiz.

Yaqinda e’lon qilingan xabarlarga qaramasdan, O‘zbekistondagi bironta oliy ta’lim muassasasi ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini belgilovchi xalqaro reytinglardan o‘rin olgan emas. Agar oliy ta’limimiz sifati hech bo‘lmaganda mintaqada raqobatbardosh bo‘lganida, bu ham o‘zbek tilini bilishga ehtiyoj yaratgan bo‘lardi. Shunda o‘zbek millatiga mansub oilalarning farzandlarini ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarga berishlarini cheklash singari tashabbuslarga ham ehtiyoj qolmasmidi…

Nazarimda, davlat tili mavqeini oshirish bahonasida boshqa tillarning qo‘llanilishini cheklash o‘zbek tiliga obro‘ ham olib kelmaydi, tilni o‘rganishga ehtiyoj ham yaratmaydi. Ehtiyoj tabiiy ravishda paydo bo‘lishi, shu bilan birga, ehtiyojni qondirish uchun yetarlicha sharoit ham taklif qilinishi lozim. Davlatning davlat tili mavqeini oshirishdagi roli esa uning rivojlanishi, o‘z davlati hududida va undan tashqarida turli millatlar vakillari tomonidan zavq bilan o‘rganilishi uchun yetarli sharoit yaratib berishida ko‘rinadi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.