Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zolari 20 aprel kuni “Davlat tili haqida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi. Kun yakunida qonun muhokamasi to‘xtatilib, loyihani ishlab chiqqan qo‘mita barcha tortishayotgan tomonlar bilan qayta ishlab chiqishi belgilandi.

Qonun loyihasi muhokamasi bo‘yicha parlamentdagi “Milliy tiklanish” fraksiyasi raisi, deputat Alisher Qodirov hamda O‘zLiDeP a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev fikr bildirishdi.

“Milliy tiklanish” fraksiyasi raisi Alisher Qodirov qonun loyihasi muhokamasida “XDPning sovetcha qarashlari va “Milliy tiklanish"ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e’tibor bermayotganlarning kayfiyatlari” ustuvorlik qilganini ta’kidlaydi.

“O‘zbek tili qadrini ko‘tarish va uni ustuvorligini ta’minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz „qolgan millatlarni xafa qilib qo‘ymasligimiz kerak“ yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek. Kechagi sessiyada shunday normalardan biri yetarli ovoz yig‘madi”, — deydi u.

Qodirovning yozishicha, qonun loyihasining 4-moddasida belgilangan fuqaroni davlat tilini bilmaganligi uchun xuquqini cheklamaslik to‘g‘risidagi norma ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan.

“Taxmin qilayapman, shu ketishda 11-moddadagi davlat xizmatchisiga davlat tilini bilish, 13-moddadagi davlat idoralari arizalarni davlat tilida qabul qilishi va javob berishi, 17-moddadagi barcha millatlarni o‘z ona tillarida ta’lim olishlariga ustuvorlik berish bo‘yicha normalar ham chiqarib tashlanadi”, — deya yozgan edi u.

“Hammani o‘ylash albatta yaxshi, o‘ylayapmiz ham, bu qonun loyihasida bironta boshqa millatli vatandoshlarimiz huquqini kamsitadigan norma yo‘q… lekin bu mehribonlik o‘zimizni kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak… Parlament saylovlarida mas’uliyatli bo‘ling. Chunki shu yerda millat yo qaddini rostlaydi yoki tiz cho‘kadi”, — deb yozgan u.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev Qodirovning bayonotiga munosabat bildirdi.

“„Milliy tiklanish“ partiyasi raisi Alisher Qodirovning O‘zbekistondagi ozchilik millat vakillariga nisbatan bo‘layotgan e’tiborni „mehribonlik“ uchun qilinayotgan ish mazmunida qabul qilib bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Kim „mehribonlik“ so‘rabdi, kimga kerak bunday „mehribonlik“, tenglik kamsitishga olib borishi nima degan gap?” O‘zimizni" deb kimni aytayapmiz?", — deb yozadi u.

Kusherbayev davlat tili bilan bog‘liq masalani ko‘p millatli mamlakatda faqat qaysidir millat taqdiri bilan bog‘layverish noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi. “Biz barchamiz ko‘p millatli O‘zbekistonning fuqarolari shu yurtning bir bo‘lagimiz”.

“Shu mamlakatda tug‘ilib o‘sgan va mamlakat rivoji, hayoti uchun ozmi ko‘pmi hamma millatlar qatori hissa qo‘shgan ozchilik millat avlodi sifatida bunday mazmundagi gaplarni eshitish shaxsan menga og‘riqli bo‘lmoqda. Bilmadim buni tanada his qilib ko‘rish uchun O‘zbekistonda o‘zbek millatidan boshqa millat vakili bo‘lib tug‘ilib, yashab ko‘rish kerakdir. Lekin bugun buni ayrim hamkasblarimiz tanalarida his etmay, yengil o‘tib ketishdi, savollar mazmuniga chuqur kirishmadi”, — deydi deputat.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi masala davlat tilida ish yuritish haqida ketayotganligni eslatadi va davlat ishlari bilan bog‘liq masalalarda davlat tiliga amal qilishni kuchaytirish kerakligini ta’kidlaydi.

“Lekin bir tilni bu mamlakatdagi barcha uchun majburiy “xalq tili"ga aylantirishdan tiyilaylik. Chunki gap davlat tili haqida ketmoqda. Davlat tili esa bitta-o‘zbek tili, xalq tili esa ko‘p”.

“Millat, millat, millat, degan so‘zni takrorlayverishni ham sal ozaytiraylik endi. Axir mamlakat birgina millatga tegishli emasku og‘aynilar! Biz makon va millatni tanlab tug‘ilibmizmi? Maqsadlarimizni mamlakat, xalq, degan tushuncha bilan bog‘lashga ham o‘taylik endi. Har safar millat deyaverish shu yurtdagi boshqalar uchun kamida og‘ir botishi mumkinligini ham o‘ylaylik, ayniqsa ziyolilar”, — deydi Kusherbayev.

Deputat bu gaplar uning o‘ta shaxsiy fikrlari ekanligini ta’kidladi. “Bu men a’zo bo‘lgan partiya, fraksiya yohud saylov okrugimdagilarning yakdil xulosasi emas. Shu sabab unga qo‘shilmaslik mumkin”.