Parlament Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» fraksiyasi raisi Alisher Qodirov davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lishi kerakligi haqidagi taklif quyi palata tomonidan ma’qullanmaganini ma’lum qildi.

Deputatning aytishicha, fraksiya tomonidan «Davlat idoralariga murojaatlar davlat tilida bo‘lsin, boshqa tilda bo‘lsa davlat tiliga tarjimasi ilova qilinsin, murojaatlarga javoblar davlat tilida bo‘lsin», degan taklif bildirilgan.

«Bir hamkasbimizning „bizga va farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘rganish qiyin, biz o‘z tilimizda murojaat qilishni xohlaymiz“ degan gapi ham g‘ururiga tegmagan 65 ta deputat… Bu masalaga, o‘lmasak, 10 yildan keyin qaytarkanmiz. Hozircha uzr, ovozimiz kamlik qilyapti», — deydi Alisher Qodirov.

Holat yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Doniyor G‘aniyev hamфикр bildirdi.

«Davlat tili o‘z nomi bilan davlatning fuqarolar bilan rasmiy muloqot tili bo‘lishi kerak. Fuqarolarning o‘zaro shaxsiy muloqot tilini erkin tanlash huquqini kafolatlash bilan bir qatorda ularning davlat organlari bilan rasmiy muloqoti davlat tilida bo‘lishi muhim. Aks holda davlat tilini tushunish va o‘rganish ehtiyoji hech qachon yaratilmaydi. Davlat tilidan kundalik hayotda foydalanishda ehtiyoj yaratilmas ekan, iste’molda u xuddi hozirgi kabi doimo ikkinchi darajali til bo‘lib qolaveradi», — deydi deputat.

Muhokama davomida aytilgan fikrlar va tortishuvlar, shuningdek, yig‘ilish oldi deputatlar orasida qilingan targ‘ibot va muzokaralarga qaramay, ming afsuski yetarli sondagi deputatlarni biz ilgari surgan taklifni ma’qullashga ko‘ndirolmadik. Lekin qo‘mita taklif etgan tahrir ham yetarli ovoz ololmadi. Demak, hali umid bor. Balki keyingi yalpi yig‘ilishga qadar boshqa deputatlarimizda ham g‘urur, millat va ona tilga bo‘lgan muhabbat hislari uyg‘onib qolar.

Shuningdek, G‘aniyev qonun ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmi ishlab chiqilishi zarurligini aytmoqda.

«Qonunchiligimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishga oid holatlarni aniqlash, oldini olish, nazorat qilish va ma’muriy bayonnomalarni tuzishning aniq mexanizmlari ishlab chiqilmagan. MJtKning 42-moddasida davlat tilini mensimaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, lekin amaldagi tartibga ko‘ra, davlat tili to‘g‘risidagi qonunga rioya etilishi ustidan nazorat etish, aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan ma’muriy yoki intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish faqatgina prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Prokurorlarning nazorat predmet doirasi kengligi va ish hajmining kattaligi inobatga olinsa, amaliyotda davlat tiliga oid qonun hujjatlari buzilish holatlarini aniqlash yoki qonun buzilayotganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni o‘rganish prokurorlar ish rejasining oxirida qolib ketishi aniq. Birgina oxirgi 4 yil davomida bu turdagi ma’muriy javobgarliklar soni atiga bir nechtani tashkil etgani, o‘ylashimcha, fikrimni tasdiqlaydi", — deydi u.

Deputat davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan samarali nazorat o‘rnatishni ta’minlash maqsadida aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati aniq bir vakolatli organga yuklatilishi muhimligini ta’kidlaydi. «MJtKga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali davlat tilida ish yuritish talablarini buzganlik holatlari aniqlangan taqdirda, deylik, Adliya vazirligi (yoki boshqa tegishli vakolatli organ) mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy bayonnoma tuzilib, sudga yuborish tartibi belgilanishi lozim».

Oldinroq, Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov o‘zbeklarning yangi avlodi ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o‘zligini anglamaydigan, ona tilini bilmaydigan holda voyaga yetayotganini fojia deb atagan edi.

Alisher Qodirov qonun loyihasining 20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan muhokamasida «XDPning sovetcha qarashlari va «Milliy tiklanish»ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e’tibor bermayotganlarning kayfiyatlari» ustuvorlik qilganini ta’kidlagan edi. O‘zLiDeP a’zosi, deputat Rasul Kusherbayev esa davlat tili bilan bog‘liq masalani ko‘p millatli mamlakatda faqat qaysidir millat taqdiri bilan bog‘layverish noto‘g‘ri ekanligini qayd etgan. «Biz barchamiz ko‘p millatli O‘zbekistonning fuqarolari shu yurtning bir bo‘lagimiz», — degan edi u.