Belarusda “do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar” tovarlarini sotish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi

Belarus Monopoliyaga qarshi tartibga solish va savdo vazirligi (MART) “Belarus xalqiga nisbatan do‘stona bo‘lmagan” kompaniyalarning [rasman taqiqlangan] tovarlarini olib kirish va sotish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishini ma’lum qildi. Taqiqlangan kompaniyalar orasida Liqui Moly, Škoda Auto, Nivea, Labello, Hansaplast va boshqalar bor (To‘liq ro‘yxat). “Chakana savdo do‘konlarida, bozorlarda, ko‘rgazmalarda, yarmarkalarda, internet-do‘konlarda taqiqlangan tovarlar aniqlangan taqdirda, bunday savdo bilan shug‘ullanadigan shaxslarga ularni sotishni taqiqlash to‘g‘risida buyruq beriladi. Ushbu taqiqni buzgan shaxslar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi MART xabarida. Ma’lum qilinishicha, taqiq muddati 6 oy davom etadi.

TASSning yozishicha, 2021 yil 5 mayda Belarus Vazirlar Kengashining qarori kuchga kiradi, unda Belorusiyaning yuridik va jismoniy shaxslariga qarshi sanksiyalarni joriy etgan mamlakatlarning bir qator xorijiy kompaniyalari tovarlariga respublikaga olib kirish va sotish taqiqi qo‘yiladi.


JSST Hindistonga koronavirus bilan kurashishda yordam berish uchun 2,6 ming xodimini yubordi

JSST Hindistonda tobora ko‘payib borayotgan koronavirus holatlariga qarshi kurashishda yordam berish uchun 2,6 mingdan ortiq xodimlarini u yerga yubordi. Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning aytishicha, xodimlar hindistonlik hamkasblariga texnik konsultatsiya hamda emlash va kasalliklarni kuzatib borishda yordam beradi. Hindistonga tashkilot tomonidan, shuningdek, minglab kislorod konsentratorlari, ko‘chma tayyor dala shifoxonalari va laboratoriya jihozlari yuborildi. — Interfaks.

Hindiston fonida, AQSH boshqa mamlakatlarga AstraZeneca vaksinasining 60 mln dozasini yuborishga qaror qildi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining so‘zlariga ko‘ra, AQSHda ushbu vaksinaning 10 mln dozasi mavjud va may va iyun oylarida yana 50 mln doza yetkazib beriladi. Psakining ta’kidlashicha, AstraZeneca preparatini mamlakatda qo‘llashga ruxsat berilmagan. Biroq, uning aniqlik kiritishicha, jo‘natishdan oldin vaksinalarning sifati tekshiriladi.

Avvalroq, Hindistondagi kasalxonalar yotoq va kislorod tugaganligi sababli COVID-19 bemorlarini qabul qilishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan edik. O‘liklar ko‘pligidan ularning jasadlari ko‘chalarda yoqilmoqda. Kuniga 360 mingdan ortiq kishida virus aniqlanib, 3 ming kishi vafot etayotgani qayd etilgan.


Vashington Tramp inauguratsiyasi kunida hibsga olingan namoyishchilarga 1,6 mln dollar miqdorida tovon to‘laydi

Vashington hukumati 2017 yil yanvar oyida AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi paytida 200 ga yaqin namoyishchi hibsga olinganligi sababli 1,6 mln dollardan ko‘proq pul to‘laydi. Da’vogarlar politsiya xodimlari jurnalistlar, kuzatuvchilar va namoyishchilarni hibsga olayotganida ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi haqida taʼkidlashdi. Poytaxt okrugi ma’muriyati oltita da’vogarga 600 ming dollardan ortiq pul to‘lashni va yana 200 nafar hibsga olinganlarning da’vosiga 1 mln dollarni to‘lashga majburlandi. Hibsga olinganlarning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ularni 16 soat davomida ovqatsiz va suvsiz ushlab turishgan. — The Washington Post.


Blue Origin kompaniyasi SpaceX’ning Oyga odam yuborish tanlovida g‘olib bo‘lgani uchun norozilik bildirdi

Jeff Bezosning Blue Origin xususiy aerokosmik kompaniyasi NASA Oyga odam yuborish uchun SpaceX’ni tanlagani munosabati bilan AQSH Hisob palatasiga norozilik bildirdi. NASA dastur uchun byudjetni 3,3 mlrddan 850 mln dollargacha qisqartirganini e’lon qilganidan so‘ng Blue Origin’ga ushbu tanlovda qatnashish uchun arizasini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini bermagan, deya ta’kidlanmoqda kompaniyada. Avvaliga dasturda ishtirok etish uchun tanlovning ikkita ishtirokchisini tanlash mumkinligi ko‘zda tutilgan edi, ammo byudjet yetarli bo‘lmaganligi sababli bu variant imkonsiz bo‘lib qoldi. Xabarga ko‘ra, kompaniyaga dastur byudjetning qisqartirilishi haqida aytilganida, ular xarajatlarni kamaytirshga harakat qilishar edi. — spacenews.com.


Rossiya va Tojikiston birlashgan havo hujumidan mudofaa tizimini yaratadi

Rossiya va Tojikiston birlashgan havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimini yaratmoqda, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Tojikiston harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sherali Mirzo bilan muzokaralari paytida. Havo hududida chegaralarni himoya qilishning ishonchliligini oshirish uchun tomonlar Rossiya va Tojikistonning HHM bo‘yicha qo‘shma hududiy tizimini yaratish to‘g‘risida kelishuv loyihasini tayyorladilar, dedi Shoygu. Vazir, shuningdek, Rossiya harbiy universitetlarda o‘qish uchun tojikistonlik harbiylar sonini ko‘paytirishga tayyorligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Tojikiston Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini kuchaytirish maqsadida Rossiya respublikani qurol-aslaha va texnika bilan ta’minlaydi hamda Rossiya harbiy universitetlarida Tojikiston armiyasi uchun malakali kadrlarni bepul tayyorlaydi. “Hozir bu yerda sizning besh yuzdan ortiq harbiy xizmatchilaringiz tahsil olmoqda, shuningdek, har yili 201-rus harbiy bazasi mablag‘lari hisobidan mingga yaqin kichik mutaxassislar tayyorlanmoqda. Biz ikkala — tahsil olayotganlar va mutaxassisliklar sonini ko‘paytirishga tayyormiz”, — dedi Rossiya mudofaa vaziri. — Interfaks.


Dunyoda 3,5 mlrddan ortiq odam internetga ulanmagan — BMT

Dunyo bo‘ylab taxminan 3,7 mlrd odam uchun internetga ulanish imkoniyati mavjud emas, bu esa tengsizlikning yangi turini keltirib chiqarmoqda. Bu haqda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir aytib o‘tdi. “Haqiqat shuki, taxminan 3,7 mlrd odam raqamli texnologiyalardan uzilib, internetda ishlash, o‘qish va xarid qilish imkoniyatisiz qolmoqda”, dedi u. U tobora kuchayib borayotgan “tengsizlikning yangi shakliga o‘tish xavfini tug‘diradigan raqamli bo‘linishni” yo‘q qilishga chaqirdi. — TASS.