Aprel oyi yakunida Shavkat Mirziyoyev bir qancha tadbirlarda ishtirok etishi hamda ikki davlat rahbarlari bilan muloqot qiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning ta’kidlashicha, ular qatorida, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi xam rejada bor.

Unda ikkita asosiy yo‘nalish muhokama qilinadi:

  • Ichki bozorni qurilish materiallari bilan yetarlicha ta’minlash, energiya samaradorligi orqali tannarxni tushirish;
  • Import tarkibini o‘rganib, ularning o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, buning uchun yangi investitsiya loyihalarini shakllantirib, korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident vakilining qo‘shimcha qilishicha, davlat rahbarining haftalik ish rejasidan bir qator sohalarga oid taqdimotlarni o‘tkazish hamda xalqaro tadbirlarda qatnashish ham o‘rin olgan.

«Hafta davomida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti tizimidagi transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, bu haftada davlatimiz rahbarining Xitoy Raisi Si Szinpin va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotlari ham rejalashtirilgan», — dedi Sherzod Asadov.

Avvalroq, mazkur brifingda Toshkentdagi 524 ta mahallaga obodonlashtirish uchun 2 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratilishi va Toshkent xalqaro aeroportining ikkinchi qavatiga olib boradigan estakada yo‘li ochilishi ma’lum qilingan edi.