O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan «Istiqlol» majmuasi konsepsiyasi loyihasi yaqin kunlarda tasdiqlanadi. Bu haqda 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida qurilish vaziri Botir Zokirov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Toshkentda «Istiqlol» majmuasi tashkil etilib, u yerda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etish prezidentning 2020 yil 17 dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan edi.

Fevral boshida Fanlar akademiyasi Toshkent hokimligi orqali majmua konsepsiyasi loyihasini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. Tanlov doirasida o‘zbek davlatchiligining 3000 yillik siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ma’naviy tarixi hamda o‘tgan 30 yil, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni qurish bosqichini o‘zida qamrab olgan jarayonlarni gavdalantiruvchi «Istiqlol majmuasi»ning konsepsiya loyihasini ishlab chiqish zarur.

«Gazeta.uz» 11 yanvarda prezident Shavkat Mirziyoyevga majmua loyihasi taqdimoti o‘tkazilganini xabar qilgan edi.

Keyinroq poytaxt hokimiyati «Istiqlol» majmuasi qurilishi rejalashtirilayotgan joyni o‘z ichiga olgan «Moviy gumbazlar» xiyoboni maketini taqdim etdi. Maketda bog‘ hozirgi holatda tasvirlangan bo‘lib, faqatgina stella o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilish vaziri Botir Zokirov ham «Istiqlol» majmuasi uchun joy tanlanganligini tasdiqladi.

«Muhtaram prezidentimiz joyga chiqib, ushbu masala bilan tanishdi va o‘z fikrlarini bildirdi. U bu yo‘nalishda qo‘shimcha ishlarni bajarish uchun ko‘rsatmalar berdi», — dedi u.

Qurilish vazirligi rahbari Toshkent shahar hokimligi va Fanlar akademiyasi Tarix instituti o‘zlarining veb-saytlari orqali «Istiqlol» majmuasi konsepsiyasi loyihasini yaratish uchun tanlov e’lon qilganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanlovda 33 nomzod qatnashdi, shulardan 14 nafari o‘z ishlarini namoyish etdi. Komissiya prezidentga taqdim etilgan asarlarni tanlab oldi, dedi u.

«Ushbu masala bo‘yicha bizning ishimiz davom etmoqda. Muhtaram prezidentimiz tanlov muddatini 10 kunga uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Yaqin kunlarda konsepsiya loyihasi ma’qullanadi va ish boshlanadi», — dedi Botir Zokirov.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti tanlov e’lon qilinganidan beri tanlovda ishtirok etadigan ishlarning loyihalarini taqdim etganicha yo‘q.