O‘FA hakamlar departamenti boshlig‘i Erkin Baxtiyorov «Championat.asia» saytining «Samisov bilan» loyihasiga bergan intervyusida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvidagi mojaroga to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, agar bosh hakam o‘sha o‘yinda so‘nggi daqiqalarda penalti bermaganida unga o‘yin uchun 2 baho qo‘yilardi va hakamlikdan ma’lum muddatga chetlatilishi mumkin edi.

«Agar o‘sha o‘yinda uchrashuv muhiti, undagi atmosfera, o‘yinga yig‘ilgan muxlislardan kelib chiqib penalti qo‘yilmaganida hakam o‘sha o‘yin uchun „2 baho olardi“ va chetlatilardi. Bizda hakamlarni baholash yo‘riqnomasi bor. 90 daqiqalik o‘yinda hakamning xatti-harakati balli tizimda baholanadi. Masalan, sariq kartochka berish kerak bo‘lgan vaziyatda bermasa, ball pasayadi. Yoki penalti berish kerak bo‘lgan vaziyatda bermasa unda ko‘proq miqdorda ball olib tashlanadi. Agar hakam eng past ball olsa, u ma’lum bir muddatga [hakamlikdan] chetlatiladi. O‘sha kuni Firdavs Norsafarov ham penaltini bermaganida uning bahosi ham pasayardi va chetlatilishi mumkin edi», — deydi u.

Erkin Baxtiyorov agar penalti berilmasdan, o‘yin tinch yakunlanganida va keyin «Paxtakor» vakillari holat bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirganida ularning e’tirozlari o‘rinli, asosli va to‘g‘ri bo‘lishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, O‘FA hakamlar departamenti boshlig‘i Namangandagi muxlislikka ham to‘xtaldi. U «Navbahor» — «Paxtakor» o‘yinidan keyingi holatni o‘zbek futboli uchun xunuk vaziyat bo‘lganini aytdi.

«Albatta, Namangan o‘z muxlislari bilan doimo ajralib turgan. Namangan markaziy stadionidagi o‘yin raqib jamoa uchun hech qachon oson bo‘lmagan. U yerda muxlislar haqiqatan ham 12-o‘yinchi bo‘la olishadi. Bu borada gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. O‘sha o‘yinda ham 90 daqiqa jamoalarini qo‘llab-quvvatlab turishdi. Lekin o‘yindan keyingi holatlar o‘zbek futboliga yarashmaydigan, futbol uchun xunuk vaziyat bo‘ldi», — deydi Erkin Baxtiyorov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, «Navbahor» — «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng, namanganlik muxlislar hakamlarning o‘yinda chiqargan qarorlaridan norozi bo‘lib, tartibsizliklar yuzaga keltirishgani va yakunda O‘FA qaroriga ko‘ra «Navbahor» futbol klubi keyingi ikkita uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.