Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda xizmatlar sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlat rahbari turli tashkilotlar rahbarlari orasidagi korrupsiya holatlari masalasiga ham to‘xtaldi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ko‘plab joylarda rahbarlarimiz, viloyat, tuman hokimlari, ko‘plab tashkilot mutasaddi rahbarlari, yo‘l, suv, qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta’lim sohalarida tushunmagan rahbarlar juda katta korrupsiyaga berilib ketgan. Peshona terimiz bilan mana shunday og‘ir, shiddatli, tahlikali zamonda koronavirusga uchrab, iqtisodiyotimizni barqaror qilish va bir so‘m pulni topib, xalqimizga yetkazish bo‘yicha juda katta harakatlar qilayapmiz», dedi u (video).

Prezident ushbu masalada «endi qonun ustuvor, jazo muqarrar» bo‘lishini ta’kidladi.

«Xalqimizning oldida uzr so‘rab, oxirgi marta sizlarni [rahbarlarni] ogohlantirmoqchiman… Mana, Samarqand viloyati hokimining o‘zi gapirib bersin, pastki bo‘g‘inda, maktabgacha ta’lim, tibbiyotda qancha poraxo‘rlar borligini. Mana Andijonda viloyat hokimligining bitta noinsofi 128 ming dollar, 30 ming dollar olayapti. Nima, Abdurahmonov (Andijon viloyati hokimi — tahr.), xizmatning rahbari (viloyat DXX boshqarmasi — tahr.) bilmaydimi? Prokurori bilmaydimi? Abdurahmonov sezmaydimi atrofida kim yurganini? Bitta odamni norozi qilib, 5 dollar olgan bo‘lsa ham prezidentning siyosatiga xiyonat deyiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq «Gazeta.uz» Andijon viloyatida yer ajratish bilan bog‘liq bir qancha firibgarlik holatlari haqida xabar bergan edi. Andijon viloyatida mansabdor tanishlari orqali 100 gektar yer ajratib, hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 128 ming dollar olgan fuqarolar vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi. Shuningdek, shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib, sanoat zonasidan 80 sotix yer maydoni olib berishni va’da qilib, 50 ming dollar talab qilgan fuqaro jinoyat ustida qo‘lga olingan edi.