18 aprel kuni Namangan viloyati Pop tumanida ro‘y bergan YTH oqibatida bir kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Voqea kechasi soat 03:30 larda Toshkent-O‘sh yo‘lida sodir bo‘lgan. Andijon viloyatida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro MAN avtomashinasini Toshkent-Vodiy yo‘nalishi bo‘ylab boshqaruvi paytida piyodani urib yuborgan va uning hayotini xavf ostida qoldirib, hodisa joyidan ketib qolganligi aniqlangan.

Piyoda tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelsa) va 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish odam o‘limiga olib kelsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.