Rossiyada Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglar bo‘lib o‘tmoqda

21 aprel kuni Rossiyada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun mitinglar bo‘lib o‘tmoqda. Mart oxirida Navalniy ochlik e’lon qilgan edi va hozirda uning salomatligi yomonlashayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Ta’kidlanishicha, siyosatchiga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani yo‘q. Uning tarafdorlari Rossiyaning yuzdan ortiq shaharlarida va uning chegaralaridan tashqarida yana o‘nlab shaharlarda norozilik aksiyalari haqida e’lon qildi. Shu bilan birga, Rossiya hukumati ushbu harakatlarni ma’qullamadi, barcha shaharlarda huquq-tartibot xodimlari maydonlarni qo‘riqlashga yuborildi. Tayga.info ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik namoyishlar Novosibirsk (4 ming), Irkutsk (2 ming), Omsk (3 mingga yaqin), Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar Navalniy va hukumat bilan bog‘liq har xil shiorlarni aytmoqda. Ma’lum qilinishicha, 400dan ortiq kishi hibsga olindi. — Meduza.

Fevral oyida sud Aleksey Navalniyga tayinlangan shartli hukmni qamoq jazosiga o‘zgartirib, uni 3,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilgani haqida xabar bergan edik. Siyosatchi umumiy rejimdagi koloniyaga joylashtirildi.


2020 yilda dunyoda qatl etilganlar soni so‘nggi 10 yil ichida eng past ko‘rsatkichni tashkil etdi

O‘tgan yili dunyoda qatl etilganlar soni so‘nggi 10 yil ichida eng past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Bu haqda Amnesty International nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda aytilgan. Tadqiqotda ta’kidlanganidek, o‘tgan yili kamida 483 kishi qatl etilgan. Taqqoslash uchun: 2019 yilda qatl etilganlar soni 657 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2015 bu ko‘rsatkich amaldagidan 70 foizga ko‘proq bo‘lib, 1634 tani tashkil qilgan.

Xitoy dunyoda qatl etish bo‘yicha 2020 yilda eng yuqori ko‘rsatkichga ega. “2020 yilda ma’lum bo‘lgan qatllarning aksariyati Xitoy, Eron, Misr va Saudiya Arabistonida bo‘lgan”, — deyiladi tashkilot hisobotida. Umuman olganda, o‘tgan yili dunyoda qatl qilinganlar soni kamaydi. Tashkilot 18 mamlakatda kamida 483 qatlni qayd etdi, bu 2019 yildan 26 foizga kam. O‘lim jazolari soni ham kamaydi — 2019 yildagi 2307 dan 2020 yilda 1477 taga. Umuman olganda, o‘tgan yili dunyoda 28567 kishi o‘limga mahkum etilgan. Xitoydan tashqari, 2020 yilda 88 foiz qatl etilishlar to‘rt davlatga to‘g‘ri kelgan: Eron, Misr, Iroq va Saudiya Arabistoni. Yaqin Sharqda Eron qatl etilishlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 2020 yilda mamlakatda 246 o‘lim jazosi ijro etildi. Qo‘shni Iroqda qatl etilganlar soni ikki baravar ko‘paydi. Bunga sudlarning pandemiya paytida yopilishi sabab bo‘lgan, deya yozmoqda tashkilot. Misrda o‘tgan yili mahbuslar 2019 yilga nisbatan uch baravar ko‘p qatl qilingan, Saudiya Arabistonida esa, aksincha, 85 foizga ko‘rsatkich kamaygan. Associated Press’ning yozishicha, qirollik giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qatl qilishni to‘xtatgan, shuningdek voyaga yetmaganlarga o‘lim jazosini bekor qilgan.

Hozirda 144 mamlakatda o‘lim jazosi taqiqlangan yoki qo‘llanilmaydi. — Amnesty International.


Suriyada prezident saylovlarida ilk bor ayol kishi qatnashadi

Bu birinchi marta ayolning Suriyadagi prezidentlik saylovlariga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi, dedi Suriya parlamenti raisi Hammud Sabbah. Associated Press’ning xabar berishicha, 50 yoshli damashqlik Faten Ali Nahar mustaqil ravishda prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga qaror qildi. Shu bilan birga, u haqida tafsilotlar ma’lum emas. Undan tashqari yana ikki kishi davlat rahbari lavozimi uchun kurashda ishtirok etishlarini e’lon qilishdi. Ulardan biri 2014 yilgi prezident saylovlarida qatnashgan, ammo Suriyani 2000 yildan beri boshqarib kelayotgan Bashar Asadga yutqazgan edi. Amaldagi mamlakat prezidenti Bashar Asad ham o‘z nomzodini ilgari surgan. Suriyadagi prezidentlik saylovlari 26 may kuni bo‘lib o‘tadi. — Associated Press.


Buyuk Britaniya COVID-19ga qarshi dori ishlab chiqarishni boshlaydi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatda uy sharoitida COVID-19 kasalligini davolovchi vositani ishlab chiqara boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC News veb-saytida xabar berilgan. Bosh vazir tabletka yoki kapsulalar ko‘rinishidagi preparat kuzga qadar paydo bo‘lishiga va pandemiyaning kutilayotgan uchinchi to‘lqiniga qarshi kurashishda yordam berishiga umid bildirdi. Hozirda preparatni ishlab chiqish va kelgusidagi sinovlarni nazorat qilish uchun ishchi guruh tuzilmoqda. Jonson chet elda kasallar soni tobora ko‘payib borayotganini va pandemiyaning yangi to‘lqini ehtimoli haqida ta’kidladi. “Biz, iloji boricha, boshqa kasalliklar bilan yashaganimiz kabi, ushbu kasallik bilan yashashni o‘rganishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u. Virusga qarshi dorilar emlash va ommaviy [PZR] sinovlar bilan bir qatorda koronavirusga qarshi kurashning uchinchi usuli bo‘lishi mumkin, deb ta’kidladi Britaniya bosh vaziri. — BBC News.

Avvalroq, Buyuk Britaniya pandemiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilishini e’lon qilgan edi.


Yaponiya koronavirusning keng tarqalishi tufayli Tokio va ikki hududda favqulodda holat rejimini joriy etadi

Yaponiya hukumati Olimpiya o‘yinlari boshlanishidan uch oy oldin koronavirus bilan kasallanish ko‘paygani munosabati bilan mamlakat poytaxtida favqulodda rejim joriy etishni rejalashtirmoqda. Xabarga ko‘ra, hukumat Tokioda, shuningdek Osaka va Xiogo prefekturalarida cheklovlarni kuchaytirish haqida e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Ushbu rejimga ko‘ra, aytib o‘tilgan shaharlarda do‘konlar, istirohat bog‘lari va boshqa ob’ektlar yopilishi mumkin. Tokioning o‘zida 29 apreldan 9 maygacha favqulodda rejimi joriy etilishi kutilmoqda. — Kyodo.

Mart oyida Tokio Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashuvidan so‘ng, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida chet eldan tomoshabinlar kelishi taqiqlandi.

Yaponiyadagi yozgi Olimpiya o‘yinlari COVID-19 pandemiyasi sababli bir yilga qoldirilgan edi. O‘yinlar o‘z nomini saqlab qoladi — “Tokio-2020”. Musobaqalar 2021 yil 23 iyuldan 8 avgustgacha Tokioda bo‘lib o‘tadi.


Hindistonda to‘rt kun ichida koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1 mln nafarni tashkil etdi

Hindistondagi epidemiologik vaziyat yomonlashishda davom etmoqda: to‘rt kun ichida mamlakatda millionta yangi kasallanish holatlari qayd etildi. Avvalroq, olti kun ichida mamlakatda millionta yangi holatlar qayd etilar edi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi karantin choralarini kuchaytirishga qarshilik ko‘rsatmoqda. “Men shtatlarni lokdaunni so‘nggi chora sifatida ko‘rib chiqishga chaqiraman. Ular (shtatlar) kasallikni yuqtirish mikro-zonalariga e’tibor berishga harakat qilishlari kerak”, — dedi Modi. Ma’lumotlarga ko‘ra, reanimatsiya bo‘limlarida yotoq va tibbiy kislorod yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Dehli bosh vaziri Arvind Kejrivalning aytishicha, agar yangi yuqtirishlar soni kamaymasa, sog‘liqni saqlash tizimi qulashi mumkin. Hindistonda pandemiya boshlanganidan buyon 15 mlndan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, 180 mingdan ortig‘i vafot etgan. — Times of India.


Apple yangilangan mahsulotlarini taqdim etdi

Foto: Yetti rangdagi iMac kompyuteri / apple.com

Apple kompaniyasi yangilangan qurilmalarini taqdim etdi, ular yangi rangdagi iPhone 12 va iMac kompyuteridir. Yangi iPhone 12 binafsha rangli korpusda namoyish qilindi. Binafsha rangli qurilmaning texnik xususiyatlari 2020 yil sentyabr oyida taqdim etilgan iPhone 12 bilan bir xil. Shuningdek, kompaniyaning yangi modeli — bu katta modelga o‘xshash xususiyatlarga ega iPhone 12 mini. Taqdimotda yangi Apple M1 protsessoriga ega bo‘lgan iMac kompyuteri namoyish etildi. Yangi iMac’lar birdaniga yetti rangda mavjud: ko‘k, yashil, sariq, qizil, binafsha, to‘q sariq va kumush. Yana bir yangi qo‘shimcha — M1 protsessoriga ega iPad Pro. — Apple.