O‘zbekiston qurilish vaziri Botir Zokirov Samarqandda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aksionerlari orasida o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan «12-trest» ko‘p milliardli davlat xaridlarini tender savdolarisiz qo‘lga kiritgani haqidagi xabarlarga izoh berdi, deya xabar qildi «Xalq so‘zi».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Toshkentdagi Mustaqillik maydoni yonida joylashgan ma’muriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostiga avtoturargoh qurish bo‘yicha 431,5 mlrd so‘mlik loyiha tender savdolarisiz «12-trest» kompaniyasiga berilgani haqida yozgan edik.

«Bu tashkilot 42 yillik tarixga ega. Menimcha, respublikada bu kabi quruvchi tashkilot bo‘lmasa kerak. O‘zim shu yerda men 20 yildan oshiq ishlaganman. Bu tashkilotda meni yaqinlarimam bor, ustozlarimam bor, 8 ta yoki 10 ta sinfdoshlarim ham ishlagan. Bizda tartib shuki, ish paytida qarindoshchilik yoki tanish bilishchilik degan narsa yo‘q. Do‘stlik, qarindoshchilik hammasi o‘z o‘rnida. Boshqachasiga ish yuritib bo‘lmaydi», — dedi vazir.

Botir Zokirovning aytishicha, mazkur tashkilotda, Hukumatga o‘tgandan buyon, 11 yildan beri ishlab kelmoqda. «12-trest» nimaga tendersiz ko‘p ob’ektlarni olyapti, degan savollarga javob berar ekan, bu tashkilotning 51 foizi davlat boshqaruvida bo‘lgani, uning yoki oilasining kompaniyaga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

«Kecha, Oliy Majlis bo‘yicha yozishyapti. Buni menga aloqasi yo‘q. Oliy Majlisni ob’ektlarini, umuman Adminstratsiyaga tegishli bo‘lgan ob’ektlarni Qurilish boshqarma bor, katta ob’ektlarni o‘sha qiladi. Endi u ob’ektda sharoit bo‘lmagani uchun „12-trest“ jalb qilingan», — deya ma’lum qildi Botir Zokirov.

Qurilish vaziri «12-trest»ning 42 yillik tarixi borligini, 1999 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan teraktlarda zarar ko‘rgan binolarni ta’mirlash ham ushbu kompaniyaga topshirilganini eslatib o‘tdi.

«1999 yil terakt bo‘lganda Vazirlar Mahkamasi 1 soatda «12-trest»ni jalb qilgan. O‘sha yerni qaytadan ta’mirlagan. Xuddi shunday teraktlardan bittasi Bosh prokuraturada bo‘lganda, uni «12-trest» qabul qilib olgan. Esimda Bosh prokuraturada bo‘lgan teraktlarda butun binoni yopib qo‘yib kechasi bilan devorlardan odam qoldiqlarini ishchilar skalpel bilan qirib olgan», — dedi u.

Ob’ektlarni tendersiz berish masalasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga bog‘liq emasligi, bu Vazirlar Mahkamasi, prezident qarori bilan belgilanishini qayd etdi. Vazir, shuningdek, «12-trest»da ham qiyinchiliklar borligi, u ko‘pincha tezkor vaziyatlarda jalb qilinishini aytib o‘tdi.

«Bir narsani tushunishlaring kerak, 51 foiz davlat ulushi bo‘lgandan keyin menga uning sovug‘i ham, issig‘i ham yo‘q», — dedi vazir.