Angela Merkel AstraZeneca vaksinasi bilan emlandi

Germaniya kansleri Angela Merkel AstraZeneca vaksinasi bilan birinchi emlashni oldi, dedi Germaniya Vazirlar Mahkamasining rasmiy vakili Shteffen Zaybert. «Men bugun birinchi AstraZeneca vaksinasini olganimdan juda xursandman. Emlash kampaniyasida qatnashgan barchaga va emlanganlarning barchasiga minnatdorman. Emlash — bu pandemiyani bartaraf etishning garovi», — deya Merkelning Twitter’da so‘zlarini keltirgan Zaybert. Shuningdek, Zaybert sertifikat va emlash varaqasini ilova qildi. — Shteffen Zaybertning Twitter’dagi sahifasi.

11 aprel kuni Angela Merkel koronavirusga qarshi emlash uchun belgilangan uchrashuvni bekor qilgan edi. O‘shanda Bild nashri emlanishni bekor qilinishini Markelning yopiq yig‘ilishda ishtirok etishi bilan izohlagan edi.


Isroil XAMAS ob’ektlariga zarba berdi

Isroil armiyasi G‘azo sektoridan uchirilgan raketaga javoban XAMAS ob’ektlariga zarba berganini xabar qildi. «Bugun kechqurun G‘azodan Isroilga raketa hujumiga javoban, Isroil armiyasining qiruvchi samolyotlari va vertolyot qurollari XAMAS qurol ishlab chiqarish joyiga, qurol kontrabandasi tunneliga va harbiy postga zarba berdi», deb yozgan Isroil armiyasi. «Biz Isroilning tinch aholisi uchun har qanday tahdidga chidamaymiz», — deb yozilgan postda. — Isroil armiyasining Twitter’dagi sahifasi.


Tbilisida bankka qurolli hujum qilindi

16 aprel kuni ertalab qurollangan kishi «Gruziya banki» filialiga hujum qilib, yetti kishini garovga oldi, deb xabar berdi Gruziya Ichki ishlar vazirligi. Muzokaralar natijasida politsiya barcha garovga olinganlarni ozod qildi, so‘ngra gumonlanuvchini hibsga oldi. Jabrlangalar yo‘q. Qo‘lga olingan shaxs Zugdidi shahrida yashovchi 28 yoshli Nikoloz Sursumiya bo‘lib chiqdi. Uning yonida pnevmatik qurol bor edi, uni yaqin atrofdagi do‘kondan sotib olgan. — Interfaks.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Zugdidi shahrida Gruziya armiyasining sobiq harbiy xizmatchisi Badri Yesebua «Gruziya banki» filialiga bostirib kirgan edi. 40 dan ortiq odamni garovga olib, u politsiyadan kerakli 500 ming dollarni olib qochishga muvaffaq bo‘ldi. Yesebua hanuzgacha qidiruvda.


Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamayotganligini ma’lum qildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni, shuningdek, yangi cheklovlarni tayyorlamayotganligini ma’lum qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi tashqi siyosatining yuqori martabali vakili aytdi. «AQSH ma’muriyati bizni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni tayyorlash to‘g‘risida oldindan xabardor qildi, biz bu haqda maslahatlashdik, bu AQSHning avvalgi ma’muriyatidan ijobiy farqidir», — dedi u. «Yevropa Ittifoqida sanksiyalarni joriy etish uch bosqichda amalga oshiriladi: birinchi navbatda, mamlakatlar yoki Oliy vakil Borrel sanksiyalar to‘g‘risida taklif kiritadilar, so‘ngra ushbu takliflar ishchi guruhlarda ishlab chiqiladi, so‘ngra Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ularni ma’qullashadi. Men qat’iyan ayta olamanki, kun tartibida (vazirlarning 19 aprel kungi uchrashuvi) yangi sanksiyalarni tasdiqlash to‘g‘risida hech qanday gap yo‘q. Aytishim mumkinki, ishchi guruhlar hozirda yangi sanksiyalar bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini olib borishmayapti», — dedi YeI vakili. — TASS.

Avvalroq, AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilgan edi.


Ukrainadagi islohotlar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun emas, balki mamlakatni saqlab qolish uchun kerak — Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi har doim Ukraina rahbariyatidan islohotlarni amalga oshirishni va korrupsiyaga qarshi kurashni hamjamiyatga qo‘shilish sharti sifatida emas, balki mamlakatni saqlab qolish uchun talab qilgan va talab qilmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali vakili ma’lum qildi. «Biz boshidanoq Ukrainada islohotlarni amalga oshirishga, korrupsiyaga qarshi kurashishga chaqirdik. Va bu yerda biz Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish sharti haqida gapirmayapmiz, bu mamlakatni saqlab qolishning yagona yo‘li, shunda u harakatni oldinga davom ettirishi mumkin», dedi u. U qo‘shilish to‘g‘risidagi munozaralarga to‘xtalib, Ittifoq hozirgi paytda ko‘rib chiqmayotganini aytdi. «Bizning Ukraina bilan munosabatlarimizdagi asosiy ustuvor yo‘nalishimiz ulkan salohiyatga ega bo‘lgan assotsiatsiya shartnomasini faolroq amalga oshirish bo‘lishi kerak», dedi vakil. — TASS.


Avstraliyada ilk bor AstraZeneca vaksinatsiyasidan so‘ng o‘lim holati qayd etildi

Avstraliyada AstraZeneca vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlashdan so‘ng ilk o‘lim holati qayd etildi. 48 yoshli ayol 8 aprelda ushbu preparat bilan emlangan. Avstraliya hukumati 50 yoshgacha bo‘lganlarga Pfizer bilan emlanishni tavsiya etgan edi. To‘rt kundan so‘ng, bemorga tromboz tashxisi qo‘yilib, u Nyukasldagi kasalxonaga yotqizildi. Ayol 15 aprel kuni vafot etdi. — Associated Press.