Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yangi ikki palatali parlament — Milliy kengashning Xalq maslahati palatasi raisi etib saylandi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar bermoqda.

Berdimuhamedov ushbu lavozimga yuqori palataning 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisi chog‘idagi yashirin ovoz berish yakunlari bo‘yicha saylandi.

«Men bu voqeani ulkan hurmat va butun xalq oldidagi katta mas’uliyat deb qabul qilaman», — deydi prezident.

Yangi parlamentning faoliyati boshlanishiga atab Xalq maslahati apparati binosi ochildi. Balandligi 31,36 metr va uzunligi 112 metr bo‘lgan majmua maydoni 6,39 gektar bo‘lgan hududda joylashgan.

Milliy kengash — parlamentning umumiy nomi, u ikki palatadan — Xalq maslahati (yuqori) va Xalq majlisidan (quyi) iborat. 2020 yil sentyabrda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan Turkmanistonning Bosh qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar tasdiqlangan qarorga muvofiq, «Turkmaniston Milliy kengashi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan. Uning asosida esa mamlakatda ikki palatali parlament tuzilgan edi.

Avvalroq, Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmaniston konstitutsiyasiga zid ravishda Xalq Maslahati Milliy Kengashi a’zoligiga saylangan edi.