Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va vodorod energetikasini rivojlantirish maqsadida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Institut tarkibida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazini hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, vazirlik, ACWA Power (Saudiya Arabistoni) va Air Products (AQSH) o‘rtasida O‘zbekistonda qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Spot’ning xabar berishicha, ACWA Power Buxoro va Navoiyda umumiy quvvati 1000 MVtni tashkil qiladigan shamol elektr stansiyalarini quradi. Loyiha xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshirilib, 1,3 mlrd dollarga teng deya baholanmoqda.