Mahalliylashtirish dasturi yil oxiriga qadar O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 mlrd dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va eksport hajmini 1 mlrd dollarga oshirish imkonini beradi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov 5 aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochilishida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi tadbirkorlik sub’ektlariga O‘zbekistondagi 2300 dan ortiq loyihalarda ishtirok etish va bir qator imtiyozlardan foydalanish, shu jumladan, yer uchastkalari, binolar va inshootlarni ustuvor tartibda olish imkoniyatini beradi.

Sardor Umurzoqov tashqi savdo rejimini liberallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini, buning doirasida «mahsulotlarning keng nomenklaturasiga import, bojxona to‘lovlari va aksiz solig‘i sezilarli darajada kamaytirilgani yoki to‘liq bekor qilingani», shuningdek, import bo‘yicha barcha miqdoriy cheklovlar bekor qilinganligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsulotida sanoatning ulushi 26 foizdan 36 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 3,3 baravarga, shu jumladan metallurgiya sanoati — 10 baravar, avtomobilsozlik — 8 baravar, elektrotexnika — 5 baravar, kimyo — 3 baravar, to‘qimachilik — 2,6 baravar, farmatsevtika — 2 baravar, tog‘-kon — 3 baravarga o‘sdi. Eksportdagi sanoat mahsulotlarining ulushi ham 24 foizdan 33,6 foizgacha o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 10 mart kuni bosh vazir Abdulla Aripov «2020−2021 yillarda ichki va tashqi bozorlarda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi.

Dasturga muvofiq, hududlarda 3,1 mlrd dollarlik import o‘rnini bosuvchi, 351,6 mln dollarlik eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun 2300 dan ortiq loyihalar amalga oshiriladi. Dasturda ishtirok etadigan korxonalar ro‘yxati, mahalliylashtirilgan mahsulotlar turlari hamda 2020 va 2021 yillarda prognoz qilinadigan ishlab chiqarish hajmlari iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va hududlari doirasida hujjatga ilova qilingan jadvallarda ko‘rsatilgan.

Fevralda O‘zbekistonda davlat xaridlarida 500 dan ortiq xorij tovarlarining ishtiroki taqiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 36,3 mlrd dollarni tashkil etdi (pasayish 13,1%), bunda eksport — 15,1 mlrd dollar (-13,4%), import — 21,2 mlrd dollar (pasayish 12,8%). Natijada savdo balansining salbiy saldosi 6 milliard dollarga ko‘tarildi.