Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi Nurobod tumani hokimligi binosi oldida 6 ming bosh qo‘y haydab kelingani haqida video va xabarlar tarqalgani to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berdi. Xabar qilinishicha, hodisa 6 aprel kuni soat 16:00 larda sodir bo‘lgan.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, Respublika Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan «Samarqand qorako‘l klaster» MCHJ korxonasiga 151 ming gektar hamda SP LUXE MCHJ qo‘shma korxonasiga 197 243,4 gektar yaylov yer maydonlari ajratilgan.

Shundan so‘ng, klaster va «Soxibkor Xojiakbar» fermer xo‘jaligi o‘rtasida 49 yilga 834 gektar yaylov yer maydonini ijaraga olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Unda 1450 bosh mayda shoxli molni boqish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu yer maydonida fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan 4 mingdan ortiq chorva mollari boqilgan.

Shu sabab «Qilichli» mahallasi fuqarolarining noroziligiga sabab bo‘lgan va klasterning 1450 bosh qo‘yi mahalliy aholi tomonidan 6 aprel kuni soat 16:00 larda tuman markaziga haydab kelingan.


Shundan so‘ng, tuman hokimi va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i boshchiligida SP LUXE MCHJ qo‘shma korxonasi ish boshqaruvchisi hamda fuqarolar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, ushbu jamiyat rahbari «Soxibkor xojiakbar» fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilinishi mutassaddilar nazoratiga olingan.

Bundan tashqari, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanmasligi maqsadida aholining chorva mollari uchun ayni vaqtlarda klaster korxonalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlariga MCHJlar tashkil etgan holda, birinchi navbatda qishloq aholisi chorva mollari uchun ajratilishi bo‘yicha kelishib olingan.