Effect.uz internet-nashri muxbirlari jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi binosidagi voqeadan keyin qidiruvga berilib, sirtdan hibsga olindi, deb xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Voqea tafsilotlari

Elyorbek Tojiboyev va Odil Begimkulov.

Yanvar oyida nashr jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi binosidan muxbirlar Elyorbek Tadjibayev, Akbar Nurimbetov va Xamidjon Ahmedov ishtirokidagi ikkita videoni (birinchisi 600 mingdan ortiq ko‘rilgan, ikkinchisi — 180 mingdan ortiq) e’lon qilgan edi. Dastlabki ikki muxbir sud raisi Odil Begimqulov bilan ziddiyatga kirishib, boshqa da’vogarlar bilan birgalikda uning kabinetiga sud majlisidan oldin kirishgan. O‘sha majlisda katta miqdordagi firibgarlikda ayblangan Ikrom Xudoyarovga nisbatan hukm chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Sudya uning ruxsatisiz ularning kabinetga kirishga haqlari yo‘qligini ta’kidlagan. Tomonlar uzoq vaqt tortishgan, jurnalistlar avval sudyaning talabi va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ularni olib chiqishga urinishlariga qaramay, ichkaridan chiqishni rad etishgan, lekin oxiri xonani tark etishgan. Sudlanuvchining opasi Go‘zal Xudoyarova sud raisi Odil Begimqulovni «o‘g‘ri va firibgar» deb atagan.


Go‘zal Xudoyarova (chapda) va Ikrom Xudoyarov.

Sud jarayonida jurnalistlar sudya va prokuror yordamchisi bilan sud majlisining videoyozuvi haqida bahslashishda davom etishgan. Natijada Odil Begimqulov sud jarayoni davomida tartibni buzganliklarini aytib, ularni sud zalidan chiqib ketishi to‘g‘risida qaror qilgan.

Sudyalar oliy kengashi ushbu holatga huquqiy baho berish uchun bosh prokurorga taqdimnoma kiritdi.

«Effect.uz xodimlarining sud raisi xizmat xonasiga bostirib kirib, sud majlisida ishtirok etish va jarayonni tasvirga olishni o‘ta qo‘pol tarzda talab qilishi jurnalist odobiga zid xatti-harakat, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan-ochiq tajovuz va hurmatsizlik», — deyiladi kengash bayonotida.

Kengashning qayd etishicha, jurnalist yoki blogerlarning ochiq sud majlisida ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘q. Biroq, protsessual qonunchilik talabiga ko‘ra, sud jarayonini tasvirga olishga ruxsat berish (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) sud majlisiga raislik qiluvchi tomonidan hal etiladigan masala.

Tekshiruv va tergov

Surxondaryo viloyati Termiz tumani prokuraturasi ushbu hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi va Jinoyat kodeksining 236 (sud ishlarini tergov qilishga yoki hal qilishga aralashish) va 219- moddalari (hokimiyat vakili yoki fuqarolik burchini bajaruvchi shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

«Tergov davomida Effect.uz`ning ikki muxbiri va jinoiy ishda ishtirok etgan bir ayol tergov organi tomonidan bir necha bor chaqirilganiga qaramay, noma’lum sabablarga ko‘ra prokuraturaga kelishdan bosh tortishdi», — deyiladi xabarda.

Natijada, ikki jurnalistga — Elyorbek Tadjibayev va Akbar Nurimbetovga Jinoyat kodeksining 219-moddaning birinchi qismi (xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish), 219-moddaning 2-qismi (shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 236-moddaning 1-qismi (tergovga yoki sud ishlarini hal qilishga aralashish) bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan sirtdan sud hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini tayinladi.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Go‘zal Xudayarova Jinoyat kodeksining 139-moddaning 3-qismining «a» va «g» bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab va g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat) bilan ukasini ishini ko‘rib chiqayotgan «sudyaning sha’ni va qadr-qimmatini haqoratlagani va kamsitgani» hamda 140-moddaning uchinchi qismin «a» bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarish bilan bog‘liq haqorat) uchun sirtdan ayblangan. Shuningdek, unga nisbatan «tilxat» ehtiyot chorasi qo‘llanilib, unga ham nisbatan qidiruv e’lon qilingan.


Xamidjon Ahmedov (chapda).

O‘z navbatida, Effect.uz saytining yana bir muxbiri Xamidjon Ahmedov tergovga qadar tekshiruv paytida va tergov davomida tergov organiga kelgan, deyiladi xabarda.

Effect.uz rahbari Akmalxon Eshonxonov «Gazeta.uz»ning iltimosiga binoan Elyorbek Tadjibayev chaqiruv olmaganligini, Akbar Nurimbetov esa faqat 30 mart kuni 23 martda prokuratura huzuriga kelish uchun chaqiruv olganini aytdi. Unga ko‘ra, Elyorbek Tadjibayev ikki marotaba prokuraturaga kelgan, Akbar Nurimbetov kasalligi sababli tergov organiga bora olmagan.

Bosh prokuratura Elyorbek Tadjibayev prokuratura binosiga bir marta borganini, ammo advokat chaqirilishi zarurligini aytib, ko‘rsatma berishdan bosh tortgani va tergovchilarning chaqirig‘iga qaramay, kelmaganini ma’lum qildi.