Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekistonda sport sohasida qator voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi. O‘zbek sportidagi haftalik eng muhim xabarlar bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

29 mart, dushanba kuni Toshkent shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida o‘rtoqlik uchrashuvida Iroq terma jamoasini qabul qildi. Uchrashuvdagi yagona gol 56-daqiqada Sherko Karim Latif tomonidan kiritildi. Iroq termasi Toshkentda 0:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

31 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh murabbiy sifatida samarali faoliyat olib borgan Ubirajara Vega da Silva vafot etdi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi marhumning yaqinlariga ta’ziya izhor etdi.

1 aprel kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasidagi “Andijon” — “Surxon” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan paytda “Surxon” klubi bosh murabbiyi Rifat Akramxo‘jayev o‘zini noprofessional tarzda tutib, raqib jamoa murabbiylaridan birini turtib yuborgani uchun unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, ushbu uchrashuv yakunlanganidan so‘ng ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan paytda “Andijon” jamoasi futbolchisi Sunnatillo Hamidjonov “Surxon” klubi bosh murabbiyi Rifat Akramxo‘jayevga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘lib, o‘zini noprofessional tarzda tutgani uchun Sunnatillo Hamidjonovga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Superligasi 3-turi doirasidagi “Bunyodkor” — “Andijon” uchrashuvining 36-daqiqasida “Bunyodkor” jamoasi futbolchisi Ibrohim Tomiva Gbadamosi oyog‘ining tag qismi bilan raqib futbolchisining ko‘krak qismiga kuchli zarba bergani uchun 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Superligasi 3-turi doirasidagi “Navbahor” — “Nasaf” uchrashuvining 51-daqiqasida “Navbahor” muxlislari o‘z noroziligini qo‘pol tarzda namoyish etib, “Nasaf” futbolchilari va o‘yin rasmiylari tomon maydonga turli buyumlar uloqtirgan. Shu sababli “Navbahor Lochinlari” futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi va agar bunday holat yana takrorlansa, klub uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi bo‘yicha ogohlantirildi.

U-21 Birinchiligi 2-turi doirasida “Qo‘qon-1912” — “Qizilqum” uchrashuvining 16-daqiqasida “Qizilqum” futbolchisi Shahzod Turopov o‘yin rasmiylari sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Pro ligasi 2-turi doirasidagi “Olimpik” — “Oq-tepa” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng “Oq-tepa” klubi ma’muri Baxtiyor Irgashev o‘yin rasmiylari sha’niga nomaqbul so‘zlar ishlatgani uchun unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, mazkur uchrashuvdan so‘ng “Oq-tepa” klubi direktori Alisher Shog‘ulomov hakamlikdan noroziligi bo‘yicha o‘yin protokoliga yozma ariza yozmay turib, buning o‘rniga OAV orqali o‘z noroziligini bildirgani uchun jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Pro liga 2-turi doirasidagi “Aral Samali” — “Xorazm” uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng “Aral” jamoasi muxlislari o‘z noroziligini qo‘pol tarzda namoyish etib, maydonga turli buyumlar uloqtirgan. Agar bunday holat yana takrorlansa, klub uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi bo‘yicha ogohlantirildi. Shuningdek, “Aral Samali” bosh murabbiyi Timur Turdiyev hakamlikdan noroziligi bo‘yicha o‘yin protokoliga yozma ariza yozmay turib, buning o‘rniga OAV orqali o‘z noroziligini bildirgani uchun jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

2 aprel kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida AIBA prezidenti Umar Kremlyov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 2023 yilgi boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi. Ma’lumot uchun, ushbu nufuzli musobaqa nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada ilk bor o‘tkaziladi.

Shuningdek, juma kuni “Shabab Al Ahli” safida BAA chempionatida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipov “Fujayra” vakillariga qarshi bahsda o‘z hisobiga bittadan gol va assist yozdirib qo‘ydi.

Aynan 2 aprel kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidentining taklifiga binoan Manama shahriga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Halifa ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.