Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlariga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili sog‘liqni saqlash tizimida 30 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingan. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent filialida 828 mln so‘m (avvalroq, prokuratura ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi), Toshkent pediatriya instituti klinikasida — 423 mln so‘m talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, prezident Jondor tumani tibbiyot birlashmasi rahbari 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy sarflaganini ma’lum qilgan. «Har bir viloyat, tuman va shaharlar kesimida bunday misollar juda ko‘p», — deya ta’kidladi u.

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyevga sog‘liqni saqlash sohasida «qonun ustuvorligi va jazoning muqarrarligi»ni ta’minlash ustidan samarali nazorat qilish javobgarligi yuklatildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, ajratilayotgan mablag‘lar joyiga yetib borishi, dori-darmon va tibbiyot uskunalarining ochiq-oshkora sotib olinishi, pullik xizmatlardan tushumlar maqsadli ishlatilishini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

«Odamlarning ko‘zlarida nafrat. Ular davlat organlari yuqori sifatli bepul davolanishni tashkil qila olmasliklaridan norozi», — degan davlat rahbari.