KXDRda og‘ir vaziyat tufayli 12 ta davlatning elchixonalari yopildi

12 davlatning diplomatik vakolatxonalari KXDRda faoliyatini to‘xtatdi va respublikadagi og‘ir vaziyat, shu jumladan tovar va dori-darmonlar yetishmasligi sababli xalqaro gumanitar tashkilotlarning barcha xorijiy xodimlari mamlakatni tark etishdi. 18 mart kuni 38 nafar chet el fuqarosi mamlakatni tark etdi va bu “KXDRdan diplomatik vakolatxonalar xodimlarining birinchi jamoaviy ketishi” emas, deya yozmoqda Rossiya elchixonasi. “Koreya poytaxtidan chiqib ketayotganlarni tushunish mumkin — har kim ham qattiq umumiy cheklovlarga, zarur tovarlarning, shu jumladan dori-darmonlarning keskin tanqisligiga va sog‘liq muammolarini hal qila olmaslikka dosh berolmaydi”, deyiladi xabarda. Ma’lum qilinishicha, Buyuk Britaniya, Venesuela, Braziliya, Germaniya, Italiya, Nigeriya, Pokiston, Polsha, Chexiya, Shveysariya, Fransiya vakolatxonalari xodimlari mamlakatni tark etishdi. “Ayni paytda mamlakatda faqat to‘qqizta elchi ishini davom ettirmoqda va “hozirgacha bu yerda ishlayotgan elchixonalarning shaxsiy tarkibi minimal darajaga qisqartirilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya elchixonasi. — Rossiya Federatsiyasining Pxenyandagi elchixonasi.


Ozarbayjon va Turkiya fuqarolari ichki pasport bilan o‘zaro sayohat qilishlari mumkin

1 apreldan boshlab Ozarbayjon va Turkiya fuqarolari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yordamida o‘zaro sayohat qilishlari mumkin. Hukumatlararo bitimiga ko‘ra, Ozarbayjon fuqarolariga Turkiyaga, Turkiya fuqarolariga esa Ozarbayjonga sayohat qilish huquqini beradigan hujjatlar ro‘yxatiga ikkala mamlakatda ichki pasport maqomiga ega bo‘lgan shaxsiy guvohnomalar kiritilgan. Protokol 10 dekabr kuni Turkiya prezidentining Bokuga tashrifi chog‘ida imzolangan va 1 fevral kuni Ozarbayjon parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilingan. Turkiya tomoni tegishli hujjatni 30 yanvarda tasdiqladi. 30 mart kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolari Turkiyaga vizasiz, diplomatik, xizmat va fuqarolik pasportlari orqali hamda biometrik shaxsiy guvohnoma asosida sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishiga oid izoh berdi. Turkiyada vizasiz qolish muddati 90 kun etib belgilangan. Ammo biometrik shaxsiy guvohnomadan faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiyaga sayohat qilishda foydalanish mumkin. Uchinchi mamlakatlarga Turkiya hududi orqali sayohat qilishda fuqarolardan chet el pasporti bo‘lishi talab qilinadi. Sharhda, shuningdek, Turkiya Ozarbayjon bilan ichki pasportni chegarani kesib o‘tishda hujjat sifatida foydalanish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan birinchi mamlakat ekanligi ta’kidlandi. “Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik aloqalari va yuqori darajadagi strategik sheriklikning yaqqol namoyonidir”, deb ta’kidladi Ozarbayjon TIV. — TASS.


Ukraina prezidenti 2020 yil uchun daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va oila a’zolarining 2020 yildagi daromadi 815 ming dollarni tashkil etdi, deyiladi Ukraina rahbari idorasi tomonidan e’lon qilingan daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyada. “Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2020 yilda moliyaviy xarakterga ega bo‘lgan mol-mulk, daromadlar, xarajatlar va majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani e’lon qildi. Deklaratsiyaga ko‘ra, davlat rahbari va uning oila a’zolarining daromadi 2020 yilda 22 mln 747 ming 791 grivnani tashkil etdi (joriy kurs bo‘yicha taxminan 815 ming dollar)”, — deyiladi xabarda.

Deklaratsiyaga ko‘ra:

  • Kiyev yaqinidagi Ivankovichi qishlog‘idagi ko‘chmas mulk va yer uchastkasini sotishdan Zelenskiylar oilasiga 485 ming dollar tushdi.
  • Ukraina prezidentining maoshi 12 ming dollar tashkil etdi.
  • Zelenskiy 165 ming dollar miqdorida royaltini (mualliflik huquqi uchun tushim) deklaratsiya qildi.
  • Zelenskiylar oilasining Ukraina hududidagi mulkni ijaraga berishdan olgan daromadi 95 ming dollarni tashkil etdi.
  • Prezident oilasi 15 ming dollar miqdoridagi ichki davlat ssudasining depozitlari va obligatsiyalari bo‘yicha foizlar oldi.
  • Ukraina rahbarining rafiqasi Yelena Zelenskaya 2020 yilda ish haqi va gonorar shaklida 34 ming dollar olgan.

2020 yilda Zelenskiylar oilasining umumiy daromadi, ko‘chmas mulk savdosini hisobga olmaganda, 325 ming dollarni tashkil etdi, bu 2019 yilda olingan daromadning yarmidan ko‘pini tashkil etadi (715 ming dollar). Ukraina prezidenti ko‘plab tovar belgilari (marka) egasi bo‘lib qolmoqda. 2020 yilda, shuningdek, Ukrainada 13 ta va chet elda ikkita savdo belgisi ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2020 yil davomida Zelenskiylar oilasi byudjetga 65 ming dollar miqdorida soliq to‘lashdi. — Ukraina prezidentining veb-sahifasi.


Germaniya prezidenti AstraZeneca vaksinasi bilan emlandi

Foto: bundespraesident.de

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer AstraZeneca tomonidan ishlab chiqarilgan preparat bilan koronavirusga qarshi emlandi. “Men Germaniyada tasdiqlangan vaksinalarga ishonaman. Bugun men birinchi AstraZeneca vaksinasini (dozasini) oldim. Emlash pandemiyani tugatish yo‘lidagi hal qiluvchi qadamdir”, dedi 65 yoshli Shtaynmayer. — Deutsche Welle.


Xato tufayli Johnson & Johnson vaksinasining 15 mln dozasi yaroqsiz boʻldi

Johnson & Johnson o‘zlarining G‘arbiy Baltimor zavodida vaksinani ishlab chiqarish uchun Emergent BioSolutions kompaniyasini yollagan edi. Zavod ishchilari Johnson & Johnson vaksinasi uchun ingrediyentlarni boshqa ishlab chiqaruvchining vaksina tarkibiy qismlari bilan adashtirib aralashtirishdi. Natijada, vaksinaning 15 mln dozasi buzildi. AQSH prezidenti ma’muriyati Johnson & Johnson kompaniyasidan kelajakda vaksina ishlab chiqarilishini bevosita kuzatib borishni so‘radi. — Politico.


Bayden o‘zining 2 trln dollarlik infratuzilma rejasini e’lon qildi

AQSH prezidenti Jo Bayden qiymati 2 trln dollardan oshadigan infratuzilmani rivojlantirish rejasini taqdim etdi. Rejani soliqlarni oshirish orqali amalga oshir rejalashtirilmoqda. “Biz buni hozir qilishimiz kerak. Ishonchim komilki, 50 yil ichida odamlar hozir qilayotgan ishimizni tahlil qilib, aynan shu paytda Amerika o‘zi uchun bulutsiz kelajakni ta’minlagan degan xulosaga kelishadi”, dedi Bayden. Bayden uning rejasi “dunyodagi eng kuchli, eng barqaror, innovatsion iqtisodiyotni” va “yaxshi ish haqi bilan millionlab ish joylarini” yaratishiga ishonadi. Xabarlarga ko‘ra, AQSH prezidentining rejasiga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 621 mlrd dollar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 400 mlrd dollar, sanoat sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun 300 mlrd dollar, arzon uylarni ta’mirlash va qurish uchun 213 mlrd dollarning ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bayden takliflarini amalga oshirish uchun sakkiz yil davomida 2 trln dollar sarflanishi kutilmoqda. Ularni 15 yil ichida korporativ soliqni 21 foizdan 28 foizgacha oshirish, shuningdek, kompaniyalarning tashqi foydalariga soliqni ko‘paytirish orqali qoplash rejalashtirilgan. — Interfaks.