Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Joriy yil uchun umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha shakllantirilgan.

Xususan, sanoat sohasida 296 ta, xizmat ko‘rsatishda 449 ta, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida 380 ta korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda iqtisodiy samaradorlik va bandlikka alohida e’tibor qaratilgan. Korxonalarda yiliga 6 trillion so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu 131 million dollarlik import o‘rnini bosish, 180 million dollarlik eksport qilish imkonini beradi. 19 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Masalan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan. Shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. Bularning natijasida paxta xomashyosini viloyatning o‘zida qayta ishlash darajasi sezilarli oshadi. Birgina shu tarmoqda 7 ming 600 dan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi.

Qashqadaryoda yiliga 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafel va boshqa qurilish materiallariga talab bor. Lekin, kerakli xomashyo bo‘lishiga qaramay, viloyatda bu mahsulotlar umuman ishlab chiqarilmas edi. Shu bois bu sohada bir nechta loyiha rejalashtirilgan.

Misol uchun, Chiroqchi tumanida 210 milliard so‘mlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarish mo‘ljallangan. Buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Chiroqchi tumanida kafel ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar ham bor.

Qashqadaryoning tog‘li tumanlari meva-sabzavot, uzum, kartoshka, kovrak kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirishga, dasht hududlar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Nishon tumanida chorva kompleksi tashkil etib, sutni qayta ishlash bo‘yicha 110 milliard so‘mlik loyihaga kirishilgan. Bu majmuada 614 bosh naslli qoramol boqilib, yiliga 5 ming 760 tonna sut mahsulotlari tayyorlanadi. 230 nafar qishloq aholisi ishli bo‘ladi.

Shahrisabz tumanining tog‘oldi qishloqlarida kartoshka va sabzavotlar yetishtirish loyihalari ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jahatdan muhim. Buning uchun aholiga yer ajratib berilib, mahsulotlar kooperatsiya asosida sotib olinadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shu hududning o‘zidan viloyatda kartoshkaga bo‘lgan talabning 34 foizini ta’minlash mumkin. Bu ishlarga 6 ming 500 dan ziyod aholini jalb etib, ularga daromad manbai yaratish maqsad qilingan.

Davlat loyihalarni bir-biriga yaqin, ixcham joylashtirib, kommunikatsiya xarajatlarini kamaytirish, hududiy korxonalarni yirik sanoat tarmoqlari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir loyiha zamirida aholini ish bilan ta’minlash masalasi yotgani uchun ularga mablag‘larni tezroq ajratish zarurligini ta’kidladi.