Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Amerika Ovozi`ga bergan intervyusida O‘zbekiston parlamenti to‘liq mustaqil bo‘lganini ta’kidladi.

U parlament prezidentga qaram degan fikrga qo‘shilmaydi.

«Parlament Prezidentning aytganini qiladi degan gap avvalgi vaqt uchun to‘g‘ri kelar edi, avvalgi vaqtdagi dunyoqarash bu. Avval haqiqatan ham parlament prezident aytgan masalalarni ko‘rib chiqar edi. Hattoki qaror qabul qilishda ham kelishilar edi. Lekin hozir bunday emas. Biz endi kun tartibimizni o‘zimiz shakllantiramiz. Biz, masalan, energetika sohasini yoki Sardoba fojeasini bemalol o‘rgandik. Joyiga chiqib muhokama qildik, mutasaddilarni chaqirib so‘roq qildik, topshiriqlar berdik. Bu parlamentning erkinligidan emasmi?!» — deydi Narbayeva.

Shuningdek, Senat raisi parlament ishni «kimgadir yoqish» uchun qilmayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Eng asosiysi, prezident aytganidek, odamlarni rozi qilish. Bizlar esa xalq vakilimiz… Qilayotgan ishlarimiz prezidentga yoqadi. Biz prezidentning siyosatini bilamiz. Ularnig siyosati odamlarni rozi qilish» — deb aytib o‘tdi u.

Narbayeva o‘z intervyusida parlamentga hech qanday bosim yo‘qligini alohida ta’kidladi.

«Biz batamom mustaqilmiz. Bizga hech qanday bosim ham yo‘q, hech kim bizga „aytganimni qil“, „u masalani ko‘r, bu masalani ko‘rma“ demaydi, bu gaplar allaqachon kun tartibidan chiqib ketgan» — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva Senat ba’zi bir qonunlarni qaytarib yuborishini ham aytib o‘tdi.

«U qonunni prezident administratsiyasi avval ko‘rgan bo‘lishi mumkin yoki Qonunchilik palatasida 150 nafar deputat tasdiqlagan bo‘lishi mumkin. Lekin u qonun inson huquqlari bo‘yicha standartlarga javob bermasa, bizning reytingimizga ta’sir qiladigan bo‘lsa, qandaydir idoralar manfaatlari yotgan bo‘lsa biz uni albatta qaytarib yuboramiz. Masalan, 2020 yilda 6 ta qonunni qaytarib yubordik» — dedi Narbayeva.

Oldinroq prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq deyarli barcha masalalarni prezident hujjatlari bilan tartibga solishga majbur bo‘lishayotganligini ta’kidlagan edi.