O‘zbekiston Jinoyat kodeksining yangi tahririga davlat xizmatchisining noqonuniy boyishi to‘g‘risida modda kiritiladi. Kodeksning yangi tahriri to‘g‘risidagi qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan boshqa idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va muhokama uchun e’lon qilingan.

Ushbu moddaga binoan, davlat xizmatchisining daromad va mol-mulk deklaratsiyasida nazarda tutilganidan ortiq pul mablag‘lari yoki mol-mulkka noqonuniy ega bo‘lishi yoki shunday mulkni orttirishi ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha ish haqidan ushlab qolish bilan jazolanadi.

Qonun loyihasiga berilgan ilovada aytilishicha, Korrupsiyaga qarshi konvensiyada korrupsiyaviy jinoyatlar qatorida noqonuniy boylik orttirish (20 modda) jinoyat sifatida belgilangan. Litva, Hindiston, Xitoy, Argentina, Gonkong va boshqa Yevropa davlatlarida ham bu uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jinoyat kodeksining yangi tahririga «korrupsiyaviy jinoyat» tushunchasi kiritilmoqda va ushbu sohadagi javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Jumladan, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish muddatini 1,5 baravarga ko‘paytirish va moddiy manfaatdorlikdan tashqari, nomoddiy foydani ham pora deb tasniflash kabi normalarni kiritish taklif etilgan.

Jinoyat kodeksiga noqonuniy boyish bo‘yicha moddani kiritish to‘g‘risida o‘tgan yilning noyabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida aytilgan edi.