Rosstat 8 fevral kuni Rossiyada 2020 yilgi o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Ularga ko‘ra, mamlakatda apreldan 31 dekabrgacha o‘lim ko‘rsatkichi haddan tashqari yuqori bo‘lib, 358 ming 257 kishini tashkil etdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Avvalroq, Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari 2020 yilda yuqori o‘lim darajasi 81% koronavirus bilan bog‘liqligini ta’kidlab, qolgan 19% haqida aniqlik kiritmagan edi. Ayni paytda, Moskva Sog‘liqni saqlash boshqarmasining batafsil ma’lumotlariga ko‘ra, 98−100% «ortiqcha o‘limlar» virus bilan bog‘liq.

Agar barcha ortiqcha o‘limlar epidemiya tufayli sodir bo‘lgan deb hisoblansa, 2020 yilda koronavirusdan o‘lim huqumat tomonidan rasmiy ravishda berilgan ma’lumotdagi 57 mingdan 6,3 baravar ko‘p bo‘lgan deya taxmin qilmoqda Meduza nashri.

Nashrning bu farazi to‘g‘ri bo‘lsa, 2020 yilda koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Rossiya (AQSHdan keyin) ikkinchi o‘rinni egalladi va aholi jon boshiga eng ko‘p zarar ko‘rgan beshtalikka kirdi. Fevral oyining boshiga kelib, ehtimol 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan o‘lim soni bo‘yicha Rossiya dunyoda birinchi o‘rinni egalladi, deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» ning hisoblashiga ko‘ra, 2015−2019 yillarda O‘zbekistonda o‘rtacha o‘lim darajasi yiliga 155 ming 406 kishini tashkil etganligini inobatga olganda, o‘limning ortiqcha darajasi 2020 yilda 20 ming 231 (175 637 minus 155,406) ni tashkil etganligi ko‘rish mumkin.