2021−2022 yillarda O‘zbekistondagi mahalla qo‘mitalari uchun 1,7 trln so‘mga (2 fevral holatiga ko‘ra 161,6 mln dollar) 2951 ta bino qurilishi rejalashtirilgan. Bu Vazirlar Mahkamasining 1 fevraldagi «2021−2022 yillarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etishning maqsadli dasturini tasdiqlash to‘g‘risida» qarorida belgilangan.

Dasturning birinchi bosqichiga ko‘ra, 2021 yilda 1881 ta bino qurilishi kutilmoqda, buning uchun 1,069 trln so‘m ajratiladi. Mablag‘larning 866,5 mlrd so‘mi davlat-xususiy sheriklik asosida, qolgan 203,4 mlrd so‘mi mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda — 2022 yilda — mamlakat bo‘ylab yana 1070 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolari quriladi. Buning uchun yana 633,3 mlrd so‘m ajratiladi. Shundan 485,2 mlrd so‘m qismi davlat-xususiy sheriklik asosida, 148,1 mlrd so‘mi mahalliy byudjetlar asosida moliyalashtiriladi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, «Mintaqaviy elektr tarmoqlari», «O‘ztransgaz» va «O‘zbektelekom» kompaniyalaridan mablag‘lar tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari, elektr energiyasi, gaz ta’minoti va binolarni aloqa bilan ta’minlash uchun jalb qilinadi. Shu bilan birga, yo‘llarning qurilishi, kanalizatsiya va suv ta’minoti mintaqalarning mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘z navbatida, yangi binolarni mebel, maishiy texnika va boshqa jihozlar bilan ta’minlash xarajatlari «Mahalla» xayriya jamoat fondi, xokimiyatlarning grantlari, kreditlari va qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Har bir Mahalla qo‘mitasi binosida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bo‘limi hamda «Mahalla» fondi joylashtiriladi.

Avvalroq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab mahalla qo‘mitalari xodimlari pedagogik va moliyaviy-iqtisodiy yo‘nalishdagi universitetlarda ijtimoiy ishchi mutaxassisligini o‘rganishlari mumkinligi ma’lum qilingan edi.