Isroil va Kosovo diplomatik aloqalarni o‘rnatdi

Isroil va Kosovo 1 fevral kuni rasmiy ravishda diplomatik aloqalarni o‘rnatishdi. Kosovo musulmonlar yashaydigan hudud bo‘lib, Quddusni Isroil poytaxti deb tan oldi. Quddus va Prishtina o‘rtasida Zoom orqali o‘tkazilgan marosimda Isroil tashqi ishlar vaziri Gabi Ashkenazi va kosovolik hamkasbi Meliza Xaradinay Stublla o‘zaro aloqalar to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi. Ashkenazi Kosovoning Quddusda elchixona ochish haqidagi rasmiy talabini ma’qullaganini aytdi. «Isroil va Kosovo o‘rtasidagi munosabatlarning o‘rnatilishi mintaqada so‘nggi oylarda yuz bergan ko‘plab o‘zgarishlarni aks ettiruvchi muhim va harakatga keltiruvchi tarixiy qadamdir», — dedi Isroil vakili. Shunday qilib, tashqi ishlar vazirlari ikkita hamkorlik shartnomasini imzoladilar: biri — diplomatik aloqalarni o‘rnatish uchun, ikkinchisi — Isroilning Mashav xalqaro rivojlanish agentligi faoliyati uchun. Isroil ilk bor boshqa mamlakat bilan virtual aloqalarni o‘rnatdi. — The Times of Israel.

Turkiya yangi konstitutsiya ishlab chiqishi mumkin

Turkiya prezidenti Tayyip Erdog‘an mamlakatning yangi konstitutsiyani ishlab chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. «Ehtimol, Turkiyaning yangi konstitutsiyasini muhokama qilish vaqti kelgandir. Biz buni kelgusi davrda boshlashimiz mumkin», — dedi u Anqaradagi matbuot anjumanida. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «bu jarayon shaffof tarzda amalga oshirilishi kerak». «Yakuniy matn millatning xohishiga ko‘ra taqdim etilishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u. Turkiyaning amaldagi konstitutsiyasi bir necha bor o‘zgartirilgan. So‘nggi o‘zgarishlar respublikaning konstitutsiyaviy tuzumining respublikachilikdan prezidentlikgacha o‘zgarishiga olib keldi. — TASS.

Xitoyda koronavirusga qarshi soxta vaksinalar musodara qilindi

Xitoy politsiyasi maxsus operatsiya paytida katta miqdordagi soxta koronavirus vaksinasi musodara qilindi. Umuman olganda, uch mingdan ortiq dozadagi qalbaki preparatlar topilgan. Ishlab chiqarish mobaynida oddiy eritmadan foydalanilgan. 80 dan ortiq kishi hibsga olindi. Ma’lum qilinishicha, jinoyatchilar o‘zlarining «vaksinalarini» oshirilgan narxlarda sotishgan. Ayni vaqtda mamlakatda rasmiy emlash fuqarolar uchun bepul va faqat litsenziyaga ega markazlarda amalga oshiriladi. Xitoyda vaksinatsiya kampaniyasi Sinovac tomonidan amalga oshirilmoqda. — Sinxua.

Ukraina jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirdi

Ukraina Oliy Radasi jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytiradigan qonun qabul qildi. Kodeksning yangilangan tahriri jurnalistni, uning yaqin qarindoshlarini yoki oila a’zolarini o‘ldirish, zo‘ravonlik qilish yoki mol-mulkiga zarar yetkazish tahdidi uchun 7−14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish shaklida jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Jazo jurnalistning huquqiy kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ravishda qasddan kaltaklaganlik, yengil, o‘rtacha yoki og‘ir tan jarohati yetkazganlik uchun, bir necha marta yoki bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh tomonidan oldindan kelishilgan holda sodir etilganligi uchun jazo bilan ta’minlanadi. Jurnalist tomonidan to‘plangan, qayta ishlangan, tayyorlangan materiallar va texnik vositalarning noqonuniy olib qo‘yilishi 8500−17000 grivna (300−600 dollar) miqdorida jarima solishga yoki olti oygacha hibsga olish yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi. Jurnalistning ma’lumot olish huquqini noqonuniy ravishda rad etish, ayrim mavzularni yoritishni noqonuniy ravishda taqiqlash, shaxslarni namoyish qilish, hokimiyat sub’ektini tanqid qilish, shuningdek, jurnalistning huquqiy kasbiy faoliyatiga har qanday qasddan to‘sqinlik qilish jazolanadi. — Ukraina Oliy Radasi.

Google kamsitish holatlari uchun 3,8 mln dollar to‘laydi

Alphabet sho‘’ba korxonasi bo‘lgan Google kompaniyaning Kaliforniya va Vashington shtatlaridagi bir qator bo‘linmalarida ish joyidagi kamsitish va xodimlarga to‘von pulini to‘lash maqsadida 3,8 mln dollardan ko‘proq pul ajratishga rozi bo‘ldi. AQSH Mehnat vazirligi tomonidan e’lon qilingan kelishuvga binoan ushbu mablag‘larning deyarli 1,4 mln dollari muhandislik lavozimlarida ishlaydigan Google kompaniyasining 2,5 mingdan ortiq ayol xodimlariga ish haqi qarzini to‘lashga sarflanadi. Keyingi besh yil ichida Kaliforniya shtatidagi (Mauntin-Vyu), Vashington shtatida (Sietl va Kirkland), shuningdek Nyu-Yorkdagi ofisda joylashgan Google kompaniyasining bir nechta ofislarida muhandislarning ish haqini to‘g‘rilash uchun kamida 1,25 mln dollar ajratiladi. Bundan tashqari, kompaniya kamsitilmaslik uchun ishga yollash va to‘lash qoidalarini ko‘rib chiqishga va kelishmovchiliklarni tuzatishga rozilik berdi, deyiladi AQSH Mehnat vazirligi bayonotida. — AQSH Mehnat vazirligi.

SpaceX orbitaga to‘liq fuqarolik ekipajini chiqaradi

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tijorat Inspiration4 dasturi doirasida Falcon 9 raketasini to‘liq fuqarolik ekipaji bo‘lgan Dragon kosmik kemasi bilan orbitaga 2021 yil 4-choragidan oldin uchirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. To‘rt kishi orbitaga uchadi. Taxminlarga ko‘ra, ular bir necha kun davomida orbitada, Yer atrofida har 90 daqiqada aylanib chiqishadi. Ma’lum qilinishicha, ishtirokchilardan biri Shift4 Payments kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori Jared Ayzekmandir. Shuningdek, Ayzekman hali tanlanmagan qolgan uch a’zoning parvoziga homiylik qiladi. SpaceX jamoani jalb qilish uchun yana 26 kun ajratdi. Tanlovda ishtirok etish uchun loyihaning veb-saytida murojaat qilsa bo‘ladi. — SpaceX.