Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvardagi yig‘ilishda bosh prokurorga tumanlarda korrupsiya sabablarini o‘rganish topshirig‘ini berdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bir oydan keyin Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishini o‘tkazadi. Shu vaqt ichida u har bir tumanga tashxis qo‘yadi, nega „kasallangan“, nega „tuzalmayapti“, kim ularni qo‘llab-quvvatlayapti», — dedi davlat rahbari.

«Suvga, svetga shuncha qarz olindi. Hamma joyda o‘g‘irlik. Maktab, kollejlar qurilishida ham. Hamma joyda korrupsiya. Bu bog‘cha emas. 35 millionlik aholini boqish kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

U bosh prokuror korrupsiyaga botgan odamlarning ro‘yxatini tuzishini va «ularning masalasi keyin ko‘rib chiqilishini» ma’lum qildi.

«Hamma joyda korrupsiya. Agar energetika tizimini 30 yilda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganimizda edi, muammo bo‘lmas edi», — dedi davlat rahbari, energetika sohasiga to‘xtalib.