16 yanvar kuni Surxondaryo viloyati Tangimush va Oqjar stansiyalari oralig‘idagi temir yo‘l kesishmasida «Damas» avtomobili va harakatlanib kelayotgan poyezd ishtirokida to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, «Damas» svetoforning qizil chirog‘iga qaramay, temir yo‘l kesishmasidan o‘tmoqchi bo‘lgan va «Toshkent-Termiz» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi poyezdining yon tomoniga urilgan.

YTH natijasida avtomashina haydovchisi S.X. (1995 y.t.) olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga yetkazilgan, biroq u tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan.

Poyezd voqea joyida 13 daqiqa turib, harakatini davom ettirgan.

Poyezd yo‘lovchilari orasida qurbonlar va jarohat olganlar yo‘q, deyiladi xabarda.