Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, 1 yanvar holati bo‘yicha O‘zbekiston rasmiy zaxira aktivlari 34,9 mlrd dollarni, xalqaro zaxiralari esa 33,8 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.

Oltin-valyuta zaxiralari 2021 yil boshlanganidan beri birdaniga oshdi. 2020 yil oxirida zaxiralar ketma-ket bir necha oy davomida kamaygan edi. 2020 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra rasmiy zaxira aktivlari 32,9 mlrd dollarni tashkil qilayotgan edi.

2020 yil kuz fasliga kelib O‘zbekiston zaxiradagi oltinlarni sotishni to‘xtatdi. Hozirda zaxiradagi oltin miqdori 332,8 tonnaga teng. Ma’lumot uchun, dekabr oyida bu ko‘rsatkich 323,4 tonnaga teng edi.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun «himoya yostiqchasi» hisoblanadi. O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan davlatlarga 3 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiralarni saqlashni tavsiya qilgan.