Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashida o‘ziga yangi o‘rinbosarlar nomzodlarini taklif qildi va taklif deputatlar tomonidan ma’qullandi, deya xabar berdi Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Forish tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Mustanov Abdivali Saidovich Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tavsiya etildi.


Qurilish vazirligi Pudrat va maxsus montaj ishlari bozorini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan Nazarov Baxrom Amonovich Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Abdivali Mustanov bugun Xalq deputatlari Forish tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi lavozimidan ozod etilgandi.

Uning o‘rniga Yangiobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Matiyev Ikrom Sindorovich Forish tumani hokimi etib tayinlandi.