Hukumatning 14-yanvardagi “Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabar berishicha, 2022-yil 1-yanvardan tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va sog‘liqni saqlash sohasida ekspertlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qaror bilan Tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash quyidagi bosqichlardan iborat:

  • o‘zini o‘zi baholash va baholash natijalarini tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish axborot tizimiga kiritish;
  • joyning o‘zida tashqi kompleks baholash;
  • inspeksiya nazorati.

Akkreditatsiyadan o‘tish uchun tibbiyot tashkilotlari akkreditatsiyalovchi organga Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ariza bilan murojaat qilishadi. Arizaga BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida to‘lov to‘langanligi haqidagi kvitansiya ilova qilinadi.

Akkreditatsiya guvohnomasini berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan taqdirda tibbiyot tashkilotiga akkreditatsiya standartlariga muvofiqligi darajasiga qarab quyidagi toifalar berilishi mumkin:

  • ikkinchi akkreditatsiya toifasi — standartlariga muvofiqligi kamida 75 foiz bo‘lganda;
  • birinchi akkreditatsiya toifasi — standartlariga muvofiqligi kamida 85 foiz bo‘lganda;
  • oliy akkreditatsiya toifasi — standartlariga muvofiqligi kamida 95 foiz bo‘lganda.

Shuningdek, qarorga ko‘ra 2022-yil 1-yanvarga qadar tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqiladi.