Adliya vazirligi 6 yanvar kuni Amerika nodavlat notijorat tashkiloti Winrock International — Vinrok xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish institutining O‘zbekistondagi filialini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

«Filialning asosiy maqsad va vazifalari — ovqatlanish va ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikni yaxshilashga, oziq-ovqat, tola va yoqilg‘igi, shu jumladan chorvachilik, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tarqatish hamda tabiiy resurslarni boshqarishni takomillashtirishga ko‘maklashishdir», — deyiladi Adliya vazirligi ma’lumotnomasida.

Shuningdek, filial Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Rivojlanish Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan «Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» (SMICA, 2019−2024) loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashadi. Ushbu loyiha byudjeti 2,34 mln dollarni tashkil etadi.

Loyiha O‘zbekistonda odam savdosining oldini olish, omon qolganlarni himoya qilish, xavfsiz migratsiyaga ko‘maklashish, xavf ostida bo‘lgan aholi qatlamining odam savdosining barcha shakllariga nisbatan zaifligini kamaytirish, odam savdosi jabrlanuvchilariga yordam berish va aniqlash usullarini rivojlantirishga qaratilgan.

Winrock veb-sayti маълумотига ko‘ra, tashkilot qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit va ijtimoiy rivojlanish sohalarida 140 dan ortiq loyihalarni 46 dan ziyod mamlakat miqyosida amalga oshiradi.

Avvalroq, tashkilot O‘zbekistonda faoliyat yuritgan edi. 2006 yilga kelib, Toshkent sudining qarori bilan «vakolatxona faoliyati e’lon qilingan ustav vazifalariga mos kelmaganligi» uchun yopilgan.