AQSH prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtati hukumati vakillariga saylovlarning natijalarini qayta ko‘rib chiqishlarini talab qilib, jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitgan holda bosim o‘tkazgan. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Qo‘ng‘iroq shanba kuni amalga oshirilgan bo‘lib, deyarli bir soat davom etgan. Suhbat davomida Tramp Raffenspergerga jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirgan holda tahdid qilgan.

«Men faqat 11780 ta ovoz topishni, ya’ni biz yig‘gandan bittaga ko‘p ovozga ega bo‘lishni xohlayman. Chunki biz bu shtatda g‘alaba qozongan edik», — degan Tramp suhbatda.

Bred Raffensperger prezidentning iltimosini rad etgan va unga ovozlarning qalbakilashtirilgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot berishganini aytgan. The New York Times va yuristlarning aytishicha, Donald Tramp bu ishi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni AQSH da prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda Jo Baydenning qo‘li baland keldi. Tramp buni tan olishdan bosh tortdi va sudga o‘nlab arizalar berdi. 6 yanvar kuni AQSH Senati va Kongressmenlar palatasi rasmiy ravishda saylovlar natijalarini e’lon qiladi. 20 yanvar kuniga esa saylangan prezidentning inauguratsiyasi o‘tkazilishi belgilangan.